Konstitutsiya – farovon hayot garovi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan Respublikamiz bo‘ylab turli madaniy tadbirlar tashkil etildi. Transport vazirligida “Konstitutsiya inson huquqlari va erkinliklari kafolati – taraqqiyot garovi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Seminarda Vazirlik markaziy apparati, hududiy transport boshqarmalari hamda tizim tashkilotlari, jumladan “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlari bevosita hamda onlayn ishtirok etishdi.
Mazkur tadbirda Toshkent davlat transport universiteti professori, yuridik fanlar doktori Aqida Dadasheva qatnashib, Bosh Qomusimizning xalqchilligi, xalqaro huquq normalariga to‘la mos ekanligi haqida atroflicha ma’lumot berdi. Konstitutsiyaviy islohotlar hamda bunga qadar kiritilgan o‘zgarishlar haqida atroflicha tushuntirish berdi.
Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli konstitutsiyaviy islohotlarning asl maqsadi – xalq irodasi, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish, huquq va erkinliklarini ta’minlash va pirovardida, inson qadrini ulug‘lash, uning og‘irini yengil qilish, hayotini yaxshilash, ijtimoiy adolat tamoyilini hayotga tatbiq etish ekanligiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Konstitutsiyaviy islohotlarning eng asosiy elementi “inson sha’ni va qadrini” ulug‘lash, avval amal qilgan “davlat – jamiyat – inson” paradigmasini yangi “inson – jamiyat – davlat” paradigmasiga o‘zgartirib, konstitutsiyaviy qonunchilik va konstitutsiyaviy amaliyotda mustahkamlash ekanligi bildirildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati