Inspeksiya xodimlari taqdirlandi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan, shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, mudofaa qudratini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yurtdoshlarimizni taqdirlash maqsadida «O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi» esdalik nishon ta’sis etildi va Bosh qomusimiz qabul qilingan kun arafasida e’tirof etilganlarga tantanali ravishda topshirilmoqda. Jumladan, transport sohasida ham samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh xodimlar taqdirlandi.

Qutlug‘ ayyom arafasida ushbu yuksak e’tirofga loyiq deb topilgan vazirlik markaziy apparati va uning idoraviy mansub tashkilotlari xodimlarining 44 nafariga tantanali ravishda esdalik nishonlari topshirildi.

E’tirof etilganlar safida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining Orolbo‘yi filiali Bosh inspektori Duysengali Seidagaliev va Qashqadaryo filiali Bosh inspektori Axmad Umirov ham borligi ularning faoliyatlariga berilgan yuksak bahodir. Temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta’minlash, normativ hujjatlar talabiga rioya qilinishini nazorat qilish hamda ehtimoliy xavflarni oldini olish borasidagi amaliy ishlari munosib taqdirlandi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati