Qonunchilikdagi yangiliklar nimalardan iborat?

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida har oyning dastlabki juma kunida “Huquqiy bilimlarni oshirish kuni” o‘tkazilib, unda sohaga oid va yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati xodimlarga tushuntiriladi. Bugun o‘tkazilayotgan seminarda nazorat funksiyalarini amalga oshirishda tadbirkorlik sub’ektlari, shuningdek, iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlari ustuvorligi himoya qilishning huquqiy asoslarini o‘rganib chiqishga qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 apreldagi 337-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risida”gi Nizomning
11-bandida, o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq nazorat funksiyalarini amalga oshirishda tadbirkorlik sub’ektlari, shuningdek, iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlari ustuvorligi himoya qilinishini ta’minlash belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 19 oktabrdagi 611-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirish tartibi to‘g‘risida” Nizom tasdiqlangan bo‘lib, tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining yuritilishidan maqsad:

nazorat qiluvchi organ faoliyatida qonuniylik, xolislik va oshkoralikni ta’minlash;

tadbirkorlik sub’ektining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;

tadbirkorlik sub’ektining faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarga chek quyish;

davlat tomonidan nazorat qilish tizimining hisobdorligi va shaffofligini ta’minlashdan iboratligi tushuntirildi.

O‘zbekiston Respublikasining 2015 yil 26 maydagi "Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida” Qonunining 22-moddasida, Tashuvchining o‘z fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyati bajarilishini nazorat qilishni amalga oshiruvchi davlat organlari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi belgilanganligi va bu borada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar muhokama qilinib, tegishli tavsiyalar berildi.

Shuningdek, hafta davomida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 424-son qarori talablari va hujjatlarni rasmiylashtirishda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi tushuntirildi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati