Korrupsiyaga qarshi barcha kurashishi lozim

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida e’lon qilingan korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi doirasida qator seminar, ochiq davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Jumladan, inspeksiya markaziy apparatida o‘tkazilgan galdagi tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi Oybek Abdug‘aniev hamda inspeksiya xodimlari ishtirok etishdi.

Dastlab, inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, “komplaens nazorat” tizimi va mazkur tizim to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati hamda ushbu illatni oldini olishga qaratilgan 10 dan ortiq idoraviy hujjatlar qabul qilingani va ularning mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi doirasida Toshkent, G‘uzor, Namangan shaharlarida shaxobcha temir yo‘liga ega tadbirkorlik sub’ektlari bilan  ochiq davra suhbatlari o‘tkazilgani ta’kidlandi. Korrupsiyani oldini olishda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash muhim ekanligi va bu boradagi ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.  Qabul qilingan hujjatlarni amaliyotda qo‘llash, korrupsiyagen holatlar guvohi bo‘lganda murojaat qilish tartibi haqida batafsil axborot berildi.

Tadbirga taklif etilgan O.Abdug‘aniev mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Har qanday jinoyatga jazo muqarrarligini bildirib, yil davomida sohalar kesimida korrupsiyagen jinoyatlar va ularning oqibatlari haqida batafsil axborot berdi. Shuningdek, korrupsiyani barvaqt oldini olishda aniqlangan holatlarning oqibatlari bilangina emas, balki bunga olib kelayotgan sabablar bilan kurash muhimligi ta’kidlandi. Manfaatlar to‘qnashuvi va uni yuzaga keltirayotgan omillar haqida to‘xtalib, qonunchilikni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida yig‘ilganlarga ma’lum qilindi. Shuningdek, davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi va buning naqadar muhimligi yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.

Tadbir savol-javoblar hamda bildirilgan taklif va mulohazalar bilan yakunlandi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati