Namanganda tadbirkorlik sub’ekti vakillari ishtirokida seminar tashkil etildi

 

2022-yil 28-sentabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Foydalanishga topshiriladigan harakatdagi temir yo‘l tarkibi xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 537-son qarori harakatdagi temir yo‘l tarkibi va uning tarkibiy qismlarini loyihalashtirish va ishlab chiqarishda, shuningdek, temir yo‘l mahsuloti muvofiqligini baholashda majburiydir hamda umumiy foydalanishdagi temir yo‘llarda va idoralarga qarashli temir yo‘l shoxobcha yo‘llarida qo‘llaniladi. Rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab olti oy o‘tgach, ya’ni 2023-yil 29-martdan amalga kiritiladigan mazkur Texnik reglamentning mazmun-mohiyatini tushuntirish tizimli amalga oshirilmoqda.

Namangan vokzalidagi seminarda shaxobcha temir yo‘liga ega tadbirkorlik sub’ektlari vakillariga temir yo‘l va nazorat qiluvchi organlar faoliyatiga daxldor qabul qilingan qonunchilik hujjatlari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Texnik reglament amalga kiritilgach, standartlashtirish bo‘yicha ularda ko‘rsatilgan mahsulotlar va xizmatlarga doir ilgari qabul qilingan normativ hujjatlar majburiylik xususiyatini yo‘qotishi va belgilangan tartibda qo‘llanilishida ixtiyoriylik kasb etishi ma’lum qilindi. Harakatlanish tezligi 200 km/soatgacha bo‘lgan, yo‘l izining kengligi 1520 mm bo‘lgan umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar va idoralarga qarashli temir yo‘l shoxobcha yo‘llarida foydalanish uchun topshiriladigan chetdan olib kelinadigan, yangi ishlab chiqariladigan, modernizatsiya qilinadigan harakatdagi temir yo‘l tarkibi va uning tarkibiy qismlari Texnik reglamentni tartibga solish ob’ektlari hisoblanadi.

Foydalanishga topshiriladigan harakatdagi temir yo‘l tarkibiga ushbu Texnik reglament bilan belgilangan talablarga rioya qilish bo‘yicha davlat nazorati O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, shuningdek, boshqa maxsus vakolatli davlat organlari o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradi.

Seminarda korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish maqsadida inspeksiyada “komplaens nazorat” tizimi joriy etilgani va ushbu tizim samarali ishlashida fuqarolar, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari va keng jamoatchilikning ham o‘rni muhimligi ta’kidlandi. Inspeksiya rahbariyatiga murojaat qilish shakllari (sayt, telegram kanal, ijtimoiy tarmoqlar, maxsus aloqa boti, ishonch telefonlari) haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini shaffofligini oshirish, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashmaslik maqsadida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-374-son qarori haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi. 

Tadbir savol-javoblar qismi bilan yakuniga yetdi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati