Qashqadaryoda o‘quv seminari tashkil etildi

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 sentabrdagi “Foydalanishga topshiriladigan harakatdagi temir yo‘l tarkibi xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 537-son qarori mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan seminarlar davom etmoqda. Galdagi tadbir G‘uzor tumanida tashkil etilib unda shaxobcha temir yo‘liga ega tadbirkorlik sub’ektlari vakillari va ularning temir yo‘l sohasida faoliyat yuritadigan xodimlari ishtirok etishdi.  

Mazkur qabul qilingan qarorning asosiy maqsadi - inson hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy va yuridik shaxslar, davlatning mol-mulkini himoyalash, atrof muhit, jonivorlar va o‘simliklar hayoti yoki sog‘ligini muhofaza qilish, shuningdek xaridorlar va iste’molchilarni (foydalanuvchilarni) uning vazifasi va xavfsizligiga nisbatan adashishiga olib keluvchi harakatlardan ogohlantirish maqsadida, harakatdagi temir yo‘l tarkibi va uning tarkibiy qismlari xavfsizligiga loyihalash, ishlab chiqarish va modernizatsiya qilishda  qo‘yiladigan yagona majburiy talablarni belgilashdan iboratligi tushuntirildi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar va idoralarga qarashli temir yo‘l shoxobcha yo‘llarida foydalanish uchun topshiriladigan yangi ishlab chiqariluvchi (modernizatsiya qilinuvchi) va tayyorlanuvchi harakatdagi temir yo‘l tarkibi (lokomotivlar, motorvagonli harakatdagi tarkib, yuk va yo‘lovchi vagonlar, maxsus harakatdagi temir yo‘l tarkibi) va uning tarkibiy qismlari mazkur umumiy texnik reglamentning ob’ektlari hisoblanadi.

Mazkur umumiy texnik reglament talablari harakatlanish tezligi 200 km/soatgacha bo‘lgan harakatdagi temir yo‘l tarkibidan foydalanishda tatbiq etilishi bildirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-374-son qarori va Vazirlar Mahkamasining “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida davlat nazoratini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 611-son qarori mazmun-mohiyati, talablari tushuntirildi. Har ikkala qaror zamirida tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlarini himoya qilish, ularning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashmaslik, har bir nazorat va profilaktik tadbirlarni shaffof o‘tkazish maqsadlari yotgani aniq dalillar bilan atroflicha ochib berildi.

Seminarda inspeksiyada e’lon qilingan noyabr - korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi davom etayotgani ma’lum qilindi. Inspeksiyada joriy etilgan “komplaens nazorat” tizimi va ushbu tizim haqida batafsil axborot berildi. Korrupsiogen holatlarga duch kelganda inspeksiya rahbariyati va mas’ul xodimga murojaat qilish turlari va shakllari (sayt, telegram kanal, ijtimoiy tarmoqlar, maxsus aloqa boti, ishonch telefonlari) haqida ma’lum qilindi.

Ishtirokchilardan sohaga doir tushgan savollarga inspeksiya vakolati doirasida tushuntirish berildi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati