Davlat bayrog‘i haqida nimalarni bilishimiz kerak?
18 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun. Mazkur sana munosabati bilan mamlakatimizdagi barcha tadbirlar o‘zgacha rux, ko‘tarinki kayfiyatda, madhiya sadolari ostida boshlandi. “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida tashkil etilgan madaniy tadbirda Toshkent Davlat yuridik universiteti dotsenti, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dilfuza Djumaniyazova ishtirokida onlayn seminar o‘tkazildi. Tajribali mutaxassis bayrog‘imiz tarixi va undagi ranglar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasining 1991 yil 18 noyabrdagi 407-XII-sonli «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘ladi. Sportchilarimizning nufuzli musobaqalarda yuqori o‘rinni band etganlari sharafiga davlat madhiyasi sadolari ostida hur bayrog‘imiz ko‘tariladi. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i — bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati