Davlat xizmatchisi odob-axloq qoidalarida nimalarga rioya qilishi kerak?

Joriy yil 14 oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori tasdiqlandi. Mazkur qaror mazmun-mohiyatini davlat xizmatchilariga tushuntirish maqsadida mamlakatimizning barcha hududlarida o‘quv seminarlari o‘tkazilmoqda.  “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati majlislar zalida o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari kotibiyatiga tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar xodimlari ishtirok etishdi.

Seminarda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari o‘z ma’ruzalari bilan yig‘ilganlarga qaror mazmun-mohiyatini batafsil tushuntirishdi. Spikerlar qarorni taqdimot materiallari asosida har bir bandiga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Davlat xizmatchilari mehnat faoliyati davomida va ishdan tashqari vaqtda davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilish, mas’uliyat, kasbiga sadoqat va halollikni kundalik shiorga aylantirish, murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblariga ko‘maklashishi lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, xushmuomalalik, e’tiborlilik va hushyorlik bilan fuqarolarda davlatga nisbatan ishonch va hurmat hissini uyg‘otish, oilasida sog‘lom muhitni ta’minlab, oila a’zolariga doimiy g‘amxo‘r bo‘lish, farzandlarida vatanparvarlik va boshqa yuksak axloqiy fazilatlarni shakllantirish, fuqarolarning ijtimoiy kelib chiqishi, iqtisodiy ahvoli va boshqa omillardan qat’i nazar, ular bilan bir xil, samimiy, odob doirasida munosabatda bo‘lish, jamiyatda axloqning umume’tirof etilgan qoidalariga amal qilish har bir davlat xizmatchisining ustuvor vazifalaridan ekanligi bildirildi.

Qizg‘in savol-javoblar ruhida o‘tgan tadbirda ishtirokchilar o‘zlari uchun ko‘plab muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati