Davra suhbatida qonunchilik hujjatlari tushuntirildi

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2022-2023 yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq vazirlik va idoralarda noyabr oyida “Korrupsiyaga qarshi kurashish” oyligi o‘tkazish belgilangan bo‘lib, inspeksiyada ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xodimlar va keng jamoatchilikning huquqiy ongi va madaniyatni yuksaltirish maqsadida, o‘quv seminarlari, davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Navbatdagi tadbirda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etishdi.

Ochiq davra suhbati tarzida tashkil etilgan tadbirda inspeksiyada yo‘lga qo‘yilgan korrupsiyaga qarshi kurashish “Koplaens-nazorat” tizimi, sohaga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini va harakat xavfsizligini ta’minlashda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi tushuntirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirish berildi. Mazkur qarorda belgilangan talablar, «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi va mazkur tizimning ishlashi, afzalliklari haqida axborot berildi.

Inspeksiya faoliyatining shaffofligini ta’minlash, korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida ham talay ishlar amalga oshirilmoqda. Inspeksiya rahbariyatiga murojaat qilishning turli shakllari yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi va tanishtirib o‘tildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha joriy etilgan “komplaens nazorat” tizimi va mazkur tizim to‘g‘risida batafsil to‘xtalib, korrupsion holatlarga duch kelganda yoki bu borada ma’lumotga ega bo‘lganda murojaat qilish tartibi, aloqa kanallari haqida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Foydalanishga topshiriladigan harakatdagi temir yo‘l tarkibi xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarori mazmun mohiyati bilan tanishtirib o‘tildi. Mazkur qaror inson hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy va yuridik shaxslar, davlatning mol-mulkini himoyalash, atrof muhit, jonivorlar va o‘simliklar hayoti yoki sog‘ligini muhofaza qilish, shuningdek xaridorlar va iste’molchilarni (foydalanuvchilarni) uning vazifasi va xavfsizligiga nisbatan adashishiga olib keluvchi harakatlardan ogohlantirish maqsadida, harakatdagi temir yo‘l tarkibi va uning tarkibiy qismlari xavfsizligiga loyihalash, ishlab chiqarish va modernizatsiya qilishda  qo‘yiladigan yagona majburiy talablarni belgilashdan iborat.

 Shuningdek, yig‘ilganlarga O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining “Temir yo‘l transporti hamda metropolitenda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq hodisalarni tasniflash, xizmat tekshiruvini olib borish va hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i va uning mazmun-mohiyati to‘g‘risida axborot berildi. 

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi. Targ‘ibot tadbirlari inspeksiyaning Qashqadaryo filialida davom ettiriladi.  

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati