“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi brifingi

Bugun AOKAda inspeksiya Axborot xizmati boshlig‘i Firdavs Xayriddinov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda joriy yilning 9 oyi davomida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida korrupsiyaga qarshi kurashish “komplaens nazorat” tizimi diorasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.

Manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish maqsadida 2022 yil yanvar oyida inspeksiyadagi mavjud shtat birliklarida faoliyat yuritayotgan barcha boshqaruv xodimlari har yillik manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiyalash tartib-taomilidan o‘tgan. Har yili manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldirishi shart bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiyalash tartib-taomillaridan o‘tgan xodimlarning inspeksiyadagi umumiy xodimlar soniga nisbati 100 foizni tashkil etadi.

Inspeksiyada xodim va ish beruvchi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi kurashish shartlari bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritildi.

Hisobot davrida inspeksiya tizimiga ishga kirish uchun nomzodlar bo‘yicha 3 marotaba o‘rganishlar o‘tkazilgan. Inspeksiyaning markaziy apparatiga 3 nafar boshqaruv xodimi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamkorligida e’lon qilingan mustaqil, ochiq tanlov asosida ishga qabul qilindi. Ishga qabul qilish barcha jarayonlari shaffof, adolatli o‘tishi uchun real vaqt rejimida internet va inspeksiyaning rasmiy kanallari orqali jonli efirda uzatildi.

Inspeksiya xodimlarini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy bilimi darajasini oshirish, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishini ta’minlash maqsadida boshqaruv xodimlari malakasini oshirish belgilangan bo‘lib, bugungi kunda barcha boshqaruv xodimlari malakasi oshirildi.  

Jumladan, Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi professor o‘qituvchilari ishtirokida  inspeksiya boshqaruv xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha “Korrupsiya va kompleans nazorat” qisqa muddatli o‘quv kursilari o‘tkazildi hamda tegishli sertifikatlar topshirildi.

Inspeksiya huzuridagi Jamoatchilik kengashining yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi. Bundan tashqari, inspeksiya boshlig‘i huzurida o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishlari hamda xodimlarning huquqiy savodxonlikni oshirish bo‘yicha seminarlarda korrupsion holatlar, ularning oqibatlari tushuntirib borilmoqda.

Tashkilot faoliyatiga oid ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumot va hisobotlar (xarajatlar smetasi va uning ijrosi, davlat xaridlari, xizmat safarlari, nazorat tadbirlari, statistik hisobotlar) belgilangan tartib va muddatda rasmiy saytda va ochiq ma’lumotlar portalida joylashtirilib, yangilab borilmoqda.

Inspeksiya tomonidan har bir tekshiruv boshlanishidan oldin nazorat tadbirini amalga oshiruvchi mas’ul xodim tadbirkorlik sub’ekti rahbariga tekshiruvda ishtirok etish uchun yuridik xizmat vakillarini va  advokatni jalb etish yoki ularning ishtirokini rad etish huquqi yozma shaklda tushuntirilib, bu haqda belgilangan shaklda bayonnoma tuziladi. Shuningdek, Tadbirkorlik subektlari birlashmalarining a’zosi bo‘lgan tadbirkorlik subektlarining faoliyatini tekshirishda ushbu tadbirkorlik subekti so‘roviga ko‘ra mazkur birlashmalar vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining a’zosi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektining faoliyatini tekshirishda esa palata vakillari ishtirok etishi mumkinligi tushuntiriladi.

Inspeksiya tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida korrupsiyaviy xavf-hatarlarni aniqlash va baholash yuzasidan savolnoma ishlab chiqilgan. Mazkur savolnoma orqali “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari jarayonida vakolat doirasidan chiqish yoki korrupsion holatlarga yo‘l qo‘yilishini oldini olish maqsadida tekshirilayotgan ob’ekt (tadbirkorlik sub’ekti) bilan aloqa xati orqali yozishmalar amalga oshirib kelinmoqda.

Bugungi kunga qadar o‘tkazilgan tekshiruvlar jarayonida inspeksiya xodimlari tomonidan tadbirkorlik subektlari faoliyatiga aralashganlik holatlarini, ularning faoliyatini cheklashga yoki to‘xtatishga sabab bo‘lgan asossiz va noqonuniy harakatlari (harakatsizlik) aniqlanmadi.

Inspeksiyada korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida tezkor xabar berish imkoni beruvchi aloqa kanallari, maxsus axborot portallari, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Inspeksiyaning rasmiy sayti (“rwnadzor.uz”), telegram kanali (“https://t.me/Uztemiryulnazorat”), ijtimoiy tarmoqda o‘z sahifasi (“https://www.facebook.com/Uztemiryolnazorat-inspeksiyasi-100865232225626/”)  mavjud.

Shuningdek, korrupsion holatlar haqida xabar berish uchun elektron pochta manzili: antikorrupsiya@rwnadzor.uz hamda qayta aloqa boti (@antikorruption_rwnadzor_bot) va +998 (71) 299-16-65 yoki +998 (71) 299-78-62 ishonch telefonlari tashkil qilingan.

Hisobot davrida inspeksiya xodimlarning korrupsiyaviy hatti-harakatlari, manfaatlar to‘qnashuvi, korrupsiyaga oid boshqa qonunbuzarliklar bilan bog‘liq masalalar to‘g‘risidagi aloqa kanallari orqali murojaat yoki xabarlar kelib tushmagan. Korrupsiyaga oid qonunchilik buzilishi aniqlanmagan.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati