Normativ hujjatlar tizimlashtirilmoqda

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6218-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida inspeksiyaning tegishli farmoyishi bilan inspeksiya faoliyatiga oid qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun malakali mutaxassislar tarkibidan ishchi guruh shakllantirilgan.   

Mazkur ishchi guruh tomonidan inspeksiya faoliyatiga oid qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish ishlari inspeksiya boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan “O‘ztemiryo‘lnazorat”inspeksiyasining faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarini birlashtirish orqali tizimlashtirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha reja-grafik asosida olib borilmoqda.

Bunda xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonunchilik hujjatlarining tegishli qoidalarini, tegishli xalqaro tajribani O‘zbekiston Respublikasi sharoitida qo‘llashning maqbulligi to‘g‘risidagi asosli takliflar izchil tartibda, loyiha moliyaviy xarajatlarni talab qilganda moliyaviy-iqtisodiy asoslantirishlarni ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Loyihalarda “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining hamda hududiy filiallarining faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ular faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, vakolatlari, vazifa va funksiyalari, huquq va javobgarligi, faoliyat samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari), moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, xodimlar mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish hamda hisobdorligini belgilovchi nizomini tasdiqlash bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bugungi kunda ishlar rejaga muvofiq izchil davom ettirilmoqda.

Joriy yil dekabr oyida loyiha ishchi guruh muhokamasiga tayyorlanib, muhokamadan so‘ng hujjat loyihasi Transport vazirligining tegishli boshqarmalari tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun taqdim etiladi.

 “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati