Jismoniy faollik xodimlar samaradorligini oshiradi

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar doirasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xodimlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish orqali jismoniy faollikni takomillashtirish hamda zararli odatlar va turli kasalliklarning oldini olish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish yuzasidan “Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz!” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Markaziy poliklinikasi malakali shifokorlari Aleksandra Arxipova hamda Feruza Ruzibaevalar olib borishdi.

Dunyo miqyosida odamlar orasida qon bosimining oshishi, yurak-tomir, nafas olish organlari, diabet, saraton kasalliklari ko‘paygani, ayniqsa,  bu kasalliklar yoshlarda ham ko‘p uchrayotgani achinarli haqiqat ekanligi, ushbu yuqumli bo‘lmagan xastaliklar kelib chiqishining sababi texnika va texnologiyalarning jadal rivojlanishiga hamohang tarzda aholi turmush tarzining o‘zgarishi bilan bog‘liqligi ta’kidlandi. Aksariyat kishilarning harakatlanishi va jismoniy mehnat bilan shug‘ullanishi kamaygani, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning rivojlanishiga olib kelishi qayd etildi. Ayniqsa, bir joyda uzoq vaqt davomida o‘tirib ishlaydigan xodimlar jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishlari zarurligi bildirildi va mutaxassislar tomonidan quyidagi tavsiyalar berildi:

 uyqudan turgandan so‘ng kunni yengil badantarbiya mashqlari bilan boshlash;

kun davomida ham badantarbiya mashqlarni bilan o‘tkazish;

nahorda ichiladigan bir stakan toza suvning qahva yoki qaynoq choydan afzalligi;

kun davomida ko‘proq yurishga harakat qilish;

toza havoda sayr qilishning inson organizmiga ijobiy ta’siri;

vrach tavsiyasisiz davolovchi, ozdiruvchi dori-darmonlar iste’mol qilmaslik muhimligi va ushbu tavsiyalar xodimlarning ish unumdorligini oshirib, samaradorlikka erishishlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.

 “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati