Oktabr oyi nazorat tadbirlari rejasi tasdiqlandi
Joriy oy davomida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi markaziy apparati va filiallari tomonidan faoliyati temir yo‘l transporti bilan bog‘liq bo‘lgan 15 ta tashkilotda nazorat tadbirlari o‘tkaziladi. Filial xodimlari hududlaridagi korxona va tashkilotlarni tekshirishsa, markaziy apparat vakillari "Buxoro MTU" unitar korxonasida nazorat tadbirlarini o‘tkazishadi. Nazorat tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlarni o‘tkazishga qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilishini oldini olish maqsadida profilaktika tadbirlar belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng amalga oshiriladi. Tekshirishlar yakuniga ko‘ra harakat xavfsizligiga xavf soluvchi kamchiliklar aniqlanganda kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida bajarilishi majburiy bo‘lgan Ko‘rsatmalar kiritiladi.
Shuningdek, temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta’minlash, ehtimoliy xavflarni oldini olish maqsadida oy davomida 150 ta profilaktik tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur tadbirlarda korxona va tashkilotlarning temir yo‘l transporti xodimlariga sohaga oid qonunchilik hujjatlari, yangiliklar va ularning amaliyotda qo‘llanishi borasida tushuntirishlar olib boriladi.
Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari to‘g‘risida ma’lumotlar belgilangan muddatda «Yagona davlat nazorati» axborot tizimiga kiritiladi. Amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida rasmiy kanallarimiz orqali xabardor bo‘lib borishingiz mumkin.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati