Huquqiy bilimlar kunida “Davlat fuqarolik xizmati” to‘g‘risidagi Qonun talablari tushuntirildi

 

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida har hafta o‘tkaziladigan ma’naviyat soatlari bilan birgalikda har oyning dastlabki juma kunida “Huquqiy bilimlar kuni” o‘tkazilmoqda. Unda Respublika va sohaga oid qabul qilingan qonunlar mazmun-mohiyati tushuntirilishi orqali xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy bilimlari mustahkamlanmoqda. Bugungi tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi Bobur Mirzo Ismoilov taklif etildi. Markaziy apparat va filial xodimlariga “Davlat fuqarolik xizmati” to‘g‘risidagi Qonun mazmun-mohiyati tushuntirildi. Qonunda to‘liq ishlab ketishi uchun ishlab chiqilayotgan qonunosti hujjatlari to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tildi.

Yangi Qonunga binoan davlat fuqarolik xizmatchilariga malaka darajalari beriladi va ular uch guruh – siyosiy, boshqaruv va yordamchi guruhga bo‘linadi. Davlat fuqarolik xizmatchilariga malaka darajalarini berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.

Qonunga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchisiga davomiyligi yigirma yetti kalendar kunidan kam bo‘lmagan yillik asosiy ta’til beriladi. Davlat fuqarolik xizmatchisiga ko‘p yillik xizmati va alohida mehnat sharoitlari uchun yillik qo‘shimcha mehnat ta’tillari berilishi mumkin. Davlat fuqarolik xizmati lavozimining toifasiga qarab qonunchilikda yillik asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarining boshqacha davomiyligi belgilanishi mumkin. Davlat fuqarolik xizmatchisiga ijtimoiy ta’tillar berish mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ko‘p yillik xizmati va alohida mehnat sharoitlari uchun yillik qo‘shimcha mehnat ta’tillarini berish tartibi hamda ularning davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Davlat fuqarolik xizmatchisini rag‘batlantirish hamda xolisona va adolatli mezonlar asosida xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarilishini ta’minlash uchun uning faoliyati samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar -  KPI asosida baholash tizimi joriy etiladi. Davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar asosida baholash uslubiyati maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi. Ushbu uslubiyot ishlab chiqilgani va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani ta’kidlandi.   

“Davlat fuqarolik xizmati” to‘g‘risidagi Qonun 2022 yil 10 noyabrdan kuchga kiradi. 

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati