Navoiy shahrida tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

 

Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari davlat himoyasiga olingan bo‘lib, ularning faoliyatlarini rivojlantirish uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratib berilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatdan yangi pog‘onaga olib chiqib, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishda yangi talablarni belgilab berdi. Nazorat organlarining huquqi va majburiyatlari, ochiqlik va shaffoflik kabi omillarni o‘ziga qamrab olgan qaror to‘g‘ri va aniq ishlashi, tadbirkorlar bilan birga nazorat organlari uchun ham muhim. Shu bois mazkur qaror va sohaga oid boshqa qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyatini keng va manzilli targ‘ib qilish maqsadida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan joylarda o‘quv seminarlarini o‘tkazib kelinmoqda. Navoiy viloyati “Tinchlik stansiyasida” o‘tgan tadbirda inspeksiya markaziy apparati, hududiy filial xodimlari va shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari vakillari qatnashishdi.

Ishtirokchilar qonunchilik hujjatlari, inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish “komplaens nazorat” tizimi, inspeksiya rahbariyatiga murojaat qilish aloqa kanallari haqida va o‘zlarini qiziqtirgan boshqa masalalarda batafsil axborot olishdi. Shuningdek, yig‘ilganlarga inspeksiyaning asosiy faoliyat yo‘nalishi – temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni oldini olish borasida tavsiyalar berildi.

Sohaga oid yangi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining “Temir yo‘l transporti hamda metropolitenda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq hodisalarni tasniflash, xizmat tekshiruvini olib borish va hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i (2022 yil 27 iyulda Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami - 3376) va uning mazmun-mohiyati to‘g‘risida axborot berildi. 

Mazkur buyruqda bilan nazarda tutilgan:

temir yo‘l transporti hamda metropolitenda sodir bo‘lgan harakat xavfsizligi buzilishi holatlarini tasniflash mezonlarini belgilash;

harakat xavfsizligi buzilishi holatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvini tashkil etishda davlat organlari va idoralarining o‘zaro hamkorligini ta’minlash;

harakat xavfsizligi buzilishi holatlarini xolisona tasniflanishini ta’minlash;

davlat organlari tomonidan temir yo‘l transporti va metropolitenda sodir bo‘lgan harakat xavfsizligi buzilishi holatlari hisobini yuritish;

harakat xavfsizligi buzilishi holatlari sabablarini aniqlash kabi vazifalar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tildi.

Targ‘ibot tadbirlari inspeksiyaning qolgan filiallarida davom ettiriladi.  

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati