Faxriylar har doim e’tiborda, e’zozda

Inspeksiyada 1 oktabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan madaniy tadbir tashkil etildi. Unda “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyada uzoq yillar davomida samarali mehnat qilgan faxriylar e’tirof etildi. Inspeksiya tashkil etilishida tamal toshini qo‘ygan, uni shakllanishida jonbozlik qilgan va bugungi kunda ham o‘zlarini maslahatlari bilan yoshlarga ko‘mak berayotgan xodimlar sha’niga iliq fikrlar, tabriklar bildirilib, hurmat va ehtirom ko‘rsatildi.

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasining “Tashakkurnoma”lari, inspeksiya rahbariyati va kasaba uyushma qo‘mitasining esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Ularning samarali faoliyatlari esga olinib, yuqori e’tirof etildi.

O‘z navbatida qilingan e’tibordan xursand bo‘lgan faxriylar o‘z quvonchlarini yashirib o‘tirishmadi. Temir yo‘l sohasidagi muhim vazifalardan bo‘lgan harakat xavfsizligini ta’minlashni nazorat qilishdek sharafli va mas’uliyatli vazifani olib borayotgan inspeksiya jamoasiga omad va zafarlar tilashdi. O‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar, qiziqarli voqealar tilga olindi. Yoshlar va faxriylarni o‘zida birlashtirgan tadbir samimiyatga burkandi. Katta avlod vakillari bugungi shiddatli zamonda dadil odimlayotgan “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasini muntazam kuzatib borayotganliklarini va amalga oshirilgan ishlardan mamnunliklarini bildirishdi. 

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati