Nukus shahrida o‘quv seminari tashkil etildi
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqilgan va sohaga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida joylarda huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Nukus shahridagi tadbirda Shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari vakillari qatnashishdi. Seminarda ishtirokchilardan tushgan savollarga javob berildi, shuningdek, inspeksiyada yo‘lga qo‘yilgan korrupsiyaga qarshi kurashish “Koplayens-nazorat” tizimi haqida axborot berildi.
Dastlab yig‘ilganlarga O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining “Temir yo‘l transporti hamda metropolitenda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq hodisalarni tasniflash, xizmat tekshiruvini olib borish va hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i (2022 yil 27 iyulda Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami - 3376) va uning mazmun-mohiyati to‘g‘risida axborot berildi.
Mazkur buyruqda bilan nazarda tutilgan:
temir yo‘l transporti hamda metropolitenda sodir bo‘lgan harakat xavfsizligi buzilishi holatlarini tasniflash mezonlarini belgilash;
harakat xavfsizligi buzilishi holatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvini tashkil etishda davlat organlari va idoralarining o‘zaro hamkorligini taʼminlash;
harakat xavfsizligi buzilishi holatlarini xolisona tasniflanishini taʼminlash;
davlat organlari tomonidan temir yo‘l transporti va metropolitenda sodir bo‘lgan harakat xavfsizligi buzilishi holatlari hisobini yuritish;
harakat xavfsizligi buzilishi holatlari sabablarini aniqlash kabi vazifalar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Seminarda tadbirkorlik subyektlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida mamlakatmizda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan talablar va qaror mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirish berildi.
Inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha joriy etilgan “komplayens nazorat” tizimi va mazkur tizim to‘g‘risida batafsil to‘xtalib, korrupsion holatlarga duch kelganda yoki bu borada maʼlumotga ega bo‘lganda murojaat qilish tartibi, aloqa kanallari haqida maʼlumot berildi. Ushbu tizimning samarali ishlashi umuman korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolarning ham bevosita ishtiroki lozimligi taʼkidlandi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga aniq va asosli javoblar olishdi. Targ‘ibot tadbirlari inspeksiyaning qolgan filiallarida davom ettiriladi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati