“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi brifingi

Bugun AOKAda inspeksiya Axborot xizmati boshlig‘i Firdavs Xayriddinov ishtirokida OAV xodimlari va keng jamoatchilik uchun brifing o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining “Temir yo‘l transporti hamda metropolitenda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq hodisalarni tasniflash, xizmat tekshiruvini olib borish va hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i (2022 yil 27 iyulda Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami - 3376) va uning mazmun-mohiyati to‘g‘risida axborot berildi. 

Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqildi.

Buyruqda nazarda tutilgan vazifalar:

temir yo‘l transporti hamda metropolitenda sodir bo‘lgan harakat xavfsizligi buzilishi holatlarini tasniflash mezonlarini belgilash;

harakat xavfsizligi buzilishi holatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvini tashkil etishda davlat organlari va idoralarining o‘zaro hamkorligini ta’minlash;

harakat xavfsizligi buzilishi holatlarini xolisona tasniflanishini ta’minlash;

davlat organlari tomonidan temir yo‘l transporti va metropolitenda sodir bo‘lgan harakat xavfsizligi buzilishi holatlari hisobini yuritish;

harakat xavfsizligi buzilishi holatlari sabablarini aniqlash.

Buyruqni tayyorlashda “1520 yagona izlar oralig‘i” yagona temir yo‘l makonidagi MDHga a’zo davlatlarning tajribasi o‘rganildi va qo‘llanildi.

Mazkur buyruqning qabul qilinishi amaldagi qonun hujjatlari me’yorlarini temir yo‘l transporti hamda metropolitenda harakati qonunchilik hujjatlaridan kelib chiqadigan talablarga muvofiqlashtirishga, shu jumladan, qonunchilik hujjatlaridagi mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etishga imkon beradi.

Shuningdek, buyruqning qabul qilinishi temir yo‘l kesishmalarida sodir bo‘layotgan avtotransport va temir yo‘l harakatdagi tarkiblari o‘rtasidagi to‘qnashuv holatlarini hisobga olish, sabablarini o‘rganish va tasniflash imkoniyatini beradi.

Buyruq loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish uchun belgilangan tartibda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga (regulation.gov.uz)ga (hujjat raqami ID-47237,
2021 yil 5 iyulidan 20 iyuligacha) joylashtirilgan.

Buyruq belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan kelishilgan.

         Temir yo‘l transporti hamda metropolitenda harakat xavfsizligi buzilishlari bo‘yicha barcha hodisalarni hamda harakat va tashishlar xavfsizligi buzilishlarining sabablari, oqibatlarini va ushbu hodisalarda aybdor bo‘lgan shaxslarni aniqlash, shuningdek kelgusida harakat va tashishlar xavfsizligi buzilishlari kelib chiqishini oldini olish maqsadida xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi.

Hududida harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq hodisalar sodir bo‘lgan temir yo‘l transporti sub’ektlari yoki metropoliten mas’ul xodimlari mavjud aloqa vositasi (telefon, telegraf va boshqa aloqa vositalari) orqali tegishliligi bo‘yicha vakolatli organlarni hamda harakatdagi tarkib va yuk manfaatdori yoki egalarini sodir bo‘lgan hodisa haqida darhol xabardor qilishlari lozim.

Sodir bo‘lgan holatning ko‘lamidan kelib chiqib, Vazirlik komissiyasi, temir yo‘l transporti sub’ekti komissiyasi va metropoliten komissiyasi tuziladi. Komissiyalar o‘z vakolati doirasida xizmat tekshiruvini tashkil qilish hamda yakuniy xulosa berish yuzasidan qarorlar qabul qiladi.

Quyidagilar komissiyalarning asosiy vazifalari hisoblanadi:

joyiga chiqqan holda harakat va tashishlar xavfsizligi buzilishlarining yuzaga kelish holatlari va sabablarini o‘rganish;

harakat va tashishlar xavfsizligi buzilishlarining oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish;

jabrlangan shaxslarga tegishli yordam ko‘rsatish, temir yo‘l transporti (metropoliten) harakatini tiklash;

harakatdagi tarkibning, temir yo‘l transporti yoki metropoliten infratuzilmasi ob’ektlarining amaldagi holatini temir yo‘l transporti yoki metropolitendan foydalanishni, shuningdek harakat va tashishlar xavfsizligini tartibga soluvchi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash;

harakat va tashishlar xavfsizligi buzilishlarini keltirib chiqargan yoki ularning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan temir yo‘l transporti (umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar va idoralarga qarashli temir yo‘l shoxobcha yo‘llar) yoki metropoliten xodimlarining harakatlarini (harakatsizligini) baholash;

tekshiruv materiallarini ushbu Nizom talablariga muvofiq rasmiylashtirish hamda mazkur materiallar nusxalarini o‘n besh ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va «O‘ztemiryo‘lnazorat» inspeksiyasiga taqdim etish.

Xizmat tekshiruvini o‘tkazish muddati o‘n besh ish kunidan ortiq bo‘lmasligi kerak.

Ekspertiza va tekshiruv materiallari asosida temir yo‘l transporti sub’ekti yoki «Toshkent metropoliteni» DUK tomonidan harakat xavfsizligining buzilishi bilan bog‘liq yo‘l qo‘yilgan hodisalarning qayta takrorlanmasligini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Chora-tadbirlar rejasining amalga oshirilish to‘g‘risidagi hisobot o‘ttiz ish kunidan oshmagan muddatda tegishliligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda «O‘ztemiryo‘lnazorat» inspeksiyasiga taqdim etiladi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati