Ayolga saodat bering
Bugungi kunda tashkilot, korxona va muassasalarda ishlayotgan xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish maqsadida 124 ta markaziy muassasalarda hamda 18 751 ta korxona va tashkilotlarda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni munosib baholash va e’tirof etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan boshlang‘ich tashkilot raislarining “Ayolga saodat bering” nomli ijtimoiy roliklar tanlovi tashkil etildi. Belgilangan muddat ichida 54 ta tashkilot va idoralardan tanlov uchun ishlangan ijtimoiy roliklar yig‘ib olindi.
Birgina shu tanlov sababli 500 nafar ayollarga yordam berilgan, shulardan 18 nafari uy-joy bilan ta’minlangan. 800 nafar nogironligi bor farzandlarga yordam ko‘rsatilgan. 54 nafar qariyalarning xolidan xabar olingan. Mehnat jamoalaridagi 5 mlndan ortiq ayollar bilan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida nafaqat faoliyati, balki hayot tarzi bilan boshqalarga namuna bo‘layotgan inspeksiyaning 15 nafar ayol xodimlari rahbariyat va kasaba uyushmasi tomonidan munosib taqdirlandi. 2022-yil 22-mart kuni Samarqand shahriga tashkil etilgan sayohatga ham inspeksiyada faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar va ularning oila a’zolari keng jalb qilindi.
O‘zbekiston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Oliy majlis Senati eksperti Oynisa Musurmanova boshchiligidagi ishchi guruh “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasiga tashrif buyurib inspeksiyadagi gender tenglik masalalari bo‘yicha maslahat kengash faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat kengashi tomonidan qabul qilingan qarorlar, belgilangan chora-tadbirlar dasturi va uning ijrosi holati o‘rganildi. Inspeksiyada faoliyat yuritayotgan 63 nafar xodimdan 16 nafari, ya’ni 25% ini ayollar tashkil etishi, shu jumladan, kasaba uyushma qo‘mitasi raisi, ikkita yetakchi bo‘lim boshliqlarining ayollar ekanligi ijobiy baholanib bu boradagi ishlarni davom ettirish muhimligini ta’kidlab o‘tildi.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Yoshlar” oromgohida tashkil etilgan spartakiadada inspeksiyaning ayollari vazirlik markaziy apparati va tizim tashkilotlari xodimlari bilan birgalikda sportning stol tennisi, shaxmat, shashka, voleybol, basketbol, kabi turlarida o‘zaro kuch sinashishdi.
Xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti tomonidan inspeksiyadagi xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash hamda madaniy hordiq olishlarini tashkil etish bo‘yicha inspeksiyaning Kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan ham yaqindan hamkorlik qilib kelinmoqda. Xususan, 2022-yilning o‘tgan davri mobaynida uch yoshga to‘lmagan farzandi bor bo‘lgan bir nafar ayolga to‘liqsiz ish kuni belgilandi, ikkita xodimaga uzoq muddat kasal bo‘lib davolanganligi va ijtimoiy ahvolidan kelib chiqib moddiy yordam ko‘rsatildi, sog‘liqlarini tiklash uchun “Chimyon” sanatoriyasiga yo‘llanma berildi.
Bevosita tanlov natijalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, ijtimoiy roliklar o‘tkazish nizomiga muvofiq 1 ta oliy o‘rin, 1-2-3-o‘rinlar uchun nomzodlar hamda 10 nafar sovrindorlar saralab olindi. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va vazirlik huzuridagi tizim tashkilotlari mazkur tanlovda munosib ishtirok etishdi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati