Avgust oyida amalga oshirilgan ishlar tahlili
Yakunlangan oyda faoliyati temir yo‘l transporti bilan bog‘lik bo‘lgan 19 ta korxona va tashkilotlarda nazorat tadbirlari o‘tkazildi hamda 684 ta kamchiliklar aniqlandi. Tekshirishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtiruvchi vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkazildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun inspeksiya tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan Ko‘rsatmalar kiritildi.
Temir yo‘l transportida ehtimoliy xavflarni oldini olish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda vazirlik va idoralarning temir yo‘llarida poezdlar harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan 150 ta profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. Tadbirlarda faoliyati temir yo‘llarda tashishlar jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan 1960 nafar rahbarlar, mutaxassis, muhandis va ishchi-xodimlar ishtirok etishdi.
Yuqori tezlikdagi Toshkent-Samarqand-Qarshi-Kitob, Maroqand-Buxoro uchastkalarida 569 nafar xodim ishtirokidagi 122 ta profilaktika tadbirlari amalga oshirildi.
2022 - yilning avgust oyida temir yo‘l transportida harakat xavfsizligi buzilishlarining umumiy soni 2021 - yilning avgust oyiga nisbatan oshgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2021 - yilda 5 ta holatni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 - yilda 10 ta holatni tashkil etdi.
2022 - yilning avgust oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli temir yo‘llarda poezdlar harakat xavfsizligi buzilishi bo‘yicha 9 ta holatga yo‘l qo‘yilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2021 - yilning shu davrida 5 ta holatni tashkil etgan.
Sanoat korxonalari shoxobcha yo‘llarida 2022 - yilning avgust oyida temir yo‘l tashishlari xavfsizligi buzilishi bo‘yicha 1 ta holat kuzatilgan bo‘lib, 2021 - yilning shu davrida xavfsizlik buzilish holatiga yo‘l qo‘yilmagan.
2022 - yilning avgust oyida temir yo‘l kesishmalarida harakatdagi tarkibning avtomashina bilan to‘qnashuvlari bo‘yicha 3 ta holatga yo‘l qo‘yilgan va buning natijasida 1 kishi halok bo‘lgan.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati