Sentabr oyi rejasi tasdiqlandi

Sentabr oyi davomida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi markaziy apparati va filiallari tomonidan faoliyati temir yo‘l transporti bilan bog‘liq bo‘lgan 17 ta  tashkilotda nazorat tadbirlari o‘tkaziladi. Nazorat tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni talablari asosida o‘tkaziladi. Farmonga muvofiq tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlarni o‘tkazishga qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilishini oldini olish maqsadida profilaktika tadbirlar belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng nazorat tadbirlari amalga oshiriladi. Tekshirishlar yakuniga ko‘ra harakat xavfsizligiga xavf soluvchi kamchiliklar aniqlanganda kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida bajarilishi majburiy bo‘lgan Ko‘rsatma kiritiladi.

Markaziy apparat xodimlari "QO'QON MINTAQAVIY TEMIR YO'L UZELI" UKni tekshirishadi. Filial xodimlari o‘z hududlaridagi korxonalarda nazorat tadbirlarini o‘tkazishadi.  Shuningdek, temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta’minlash, ehtimoliy xavflarni oldini olish maqsadida oy davomida 150 ta profilaktik tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur tadbirlarda korxona va tashkilotlarning temir yo‘l transporti xodimlariga sohaga oid qonunchilik hujjatlari, yangiliklar va ularning amaliyotda qo‘llanishi borasida tushuntirishlar olib boriladi.    

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati