Ijro intizomini ta’minlashda nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Davlat boshqaruvi organlarining davlat va hukumat hujjatlari ijrosini ta’minlashdagi o‘rni nihoyatda muhim. Ijro intizomini belgilangan muddatda, sifatli ta’minlash eng avvalo xalqimizning og‘irini yengil qilish bilan birga soha va tarmoqlarning rivojiga har tomonlama ijobiy ta’sir qiladi. Aynan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish, ijro intizomi bo‘yicha qonunchilikdagi o‘zgarish va yangiliklardan yaqindan boxabar bo‘lish maqsadida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida ikki kunlik seminar tashkil etildi. Inspeksiya markaziy apparati va filial xodimlari ishtirok etgan tadbirni Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Nizomiddin Normamatov olib bordi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi ijro intizomini samarali tashkil etishda dasturilamal bo‘ldi.
Ushbu hujjatlar qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bajarilishining ta’sirchan tizimini yaratishda “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi o‘rnini mustahkamlash, uning ahamiyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Seminarda “Ijro.gov.uz” tizimining afzalliklari, davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimiga belgilangan shakldagi ma’lumotlarni kiritish tartibi, bu borada Adliya organlariga yuklatilgan vazifalar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, hujjatlar ijrosini nazorat qiluvchi idoralar va ularning vakolatlari haqida ma’lumot berildi. Topshiriq belgilangan muddatda bajarilgach, bir nechta bosqichdan o‘tib, nazoratdan yechilishi yoki kamchiliklarni bartaraf etish uchun qayta mas’ul ijrochiga yuborilishi tushuntirildi.
Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan va amaliyotda duch kelayotgan ko‘plab savollariga javob olishdi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati