Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida muhim masalalar tahlil qilindi
Dastlab jamoatchilik kengashining raisi A.Kalimbetov so‘zga chiqib, inspeksiyaning asosiy faoliyati bo‘lmish – temir yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlanganini amaldagi qonunchilik talablari asosida nazoratini amalga oshirish borasidagi ishlarni rasmiy sayt va OAV hamda tashkilot tomonidan olib borilayotgan jarayonlarni bevosita kuzatib borish orqali yetarli ma’lumotga ega ekanligini bildirdi. Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida nazorat tadbirlari ochiq, shaffof va amaldagi qonunchilik asosida tashkil etilayotganini ijobiy baholadi.
Kengash kotibi F.Xayriddinov inspeksiya tomonidan joriy yil dastlabki yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan ijobiy o‘zgarishlar to‘g‘risida hisoboti tinglandi. Ta’kidlanishicha, dastlabki 6 oylikda bajarilgan ishlar 2-avgust sanasida AOKAda OAV xodimlari ishtirokida brifingda jamoatchilik hukmiga havola qilingan.
Inspeksiya tomonidan 2022 - yilning 6 oyi davomida jami 107 ta korxona va tashkilotlarda nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 9837 ta kamchiliklar aniqlangan bo‘lib, shundan xavfsizlikka tahdid soluvchi kamchiliklar soni 4452 tani tashkil etgan.
Tekshirish natijalari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tadbirkorlik sub’ektlariga taqiqlovchi choralarni belgilovchi 104 ta bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.
2022 yilning 6 oyi davomida jami 304 temir yo‘llari, 113 ta lokomotiv, 941 ta yuk va yo‘lovchi vagonlari nosozligi yoki foydalanish muddati o‘tganligi aniqlanib, foydalanishdan to‘xtatilgan.
Hisobot davrida temir yo‘l transporti korxonalari va tashkilotlari tomonidan temir yo‘llarda poezdlar harakati xavfsizligini ta’minlashga va temir yo‘lda tashishlar xavfsizligini ta’minlaydigan texnik vositalarning ishonchliligini oshirishga qaratilgan 1567 ta kompleks profilaktika chora-tadbirlari o‘tkazilgan.
Profilaktika tadbirlarida jami 11227 nafar faoliyati temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta’minlash bilan bevosita bog‘liq rahbarlar, muhandislar, ishchi xodimlar ishtirok etgan va ular bilan tushuntirish ishlari olib borilgan.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan Toshkent-Samarqand-Qarshi-Kitob, Maroqand-Buxoro uchastkalaridagi tezyurar va yuqori tezlikdagi yo‘lovchi poezdlar harakat xavfsizligini ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yuqori tezlikdagi Toshkent-Samarqand-Qarshi-Kitob, Maroqand-Buxoro uchastkalarida 2022 - yilning 6 oyi davomida 664 nafar xodim ishtirokidagi 234 ta seminar va profilaktika tadbirlari amalga oshirildi.
Amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida, 2022 - yilning 6 oyida temir yo‘l transportida harakatlanish xavfsizligi buzilishlarining umumiy soni 2021 yilning shu davriga nisbatan 20% ga kamaygan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2022 - yilda 34 ta holatni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 – yildagidan 8 ta holatga kamaygani qayd etilgan.
Joriy yilning dastlabki yarim yilligida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli temir yo‘llarda poezdlar harakat xavfsizligi buzilishi bo‘yicha o‘tgan yilgi ko‘rsatkich 22 ta holat o‘zgarishsiz qolgan. Mazkur ko‘rsatkich sanoat korxonalari shoxobcha yo‘llarida 2022 - yilning 6 oyi davomida 8 taga kamayib, 12 ta holatni tashkil etgan.
Inspeksiya tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan berilgan ko‘rsatmalarga asosan vazirlik va idoralarga qarashli “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kirmaydigan shoxobcha temir yo‘llarida quyidagi o‘zgarish va ijobiy natijalarga erishilgan:
1524,28 km temir yo‘l kapital ta’mirlangan;
11 komplekt strelkali o‘tkazgichlar almashtirilgan;
1216 dona vagon kapital ta’mirlangan;
8 dona yangi vagon xarid qilingan;
35 dona lokomotiv kapital ta’mirlangan;
6465 dona shpal va 3,598 km rels almashtirilgan.
Joriy yil inspeksiya tomonidan 6 ta temir yo‘llarda tashishlar xavfsizligini ta’minlashga oid normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgan, bo‘lib ayni paytda mazkur loyihalar qabul qilish uchun kiritilgan.
Kengash amalga oshirilgan ishlarni ko‘rib chiqib, ijobiy baholashdi. Shuningdek, bu boradagi ishlarni takomillashtirish borasida o‘z tavsiyalarini berishdi. Jumladan, profilaktik tadbirlar va seminarlarda sohaga doir qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini kengroq targ‘ib etish yuzasidan ishlarni yanada jadallashtirish tavsiya etildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati