Xotin-qizlar gender tengligini ta’minlash – islohotlarning muhim omili
O‘zbekiston Respublikasining 31 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda oila va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun va mohiyati borasida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida seminar-mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Oynisa Musurmanova hamda institut kichik ilmiy xodimi Shahnoza Juraeva shuningdek, inspeksiya markaziy apparati oflayn, hududiy filial xodimlari onlayn ishtirok etishdi.
Seminar davomida Oynisa Musurmanova seminar ishtirokchilariga mustaqilligimizning 31 yilligi oldidan keyingi yillarda mamlakatimizda gender tenglikka erishishni ta’minlash borasida muhim ishlar amalga oshirilganligi, so‘nggi yillarda 30 dan ortiq huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilinganligi bildirdi. “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlar, 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish Strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlari, qator qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika va hududiy komissiyalari tashkil etilganligi borasida amalga oshirilayotgan yangi tizimlari va mexanizmlari haqida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 7 ta yo‘nalishi, 100 ta maqsadining 69-maqsadi: “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash”ning 7 ta ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish uchun gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha Respublika va hududiy komissiyalari hududlardagi xotin-qizlarning gender tengligini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir islohotlar izchilligi yuzasidan batafsil axborot berildi.
Tadbir davomida ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan mazkur masala bo‘yicha tayyorlangan va chop etilgan “Farzandlarimga nasihat”, “Mahalla hayot ko‘zgusi”, “Ayollari ardoqlangan yurt” nomli kitoblari inspeksiya kutubxonasi va seminar ishtirokchilariga taqdim etildi. Shu bilan birga, seminar ishtirokchilarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha savollariga javoblar berildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati