Toshkent filialida amalga oshirilgan ishlar tahlili
Hozirgi kunda yurtimizda transport sohasiga juda katta e’tibor qaratilmoqda, ayniqsa temir yo‘llar atrofidagi zamonaviy infratuzilma, xalqaro andozadagi servis xizmatlari, yurtimizning ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shib turgan ko‘rkam temir yo‘l vokzallar qad rostlamoqda. Bu keng ko‘lamdagi bunyodkorliklardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yo‘lovchilarning uzog‘ini yaqin qilish, xalqaro talablarga mos servis xizmatlarini kengaytirish va harakat xavfsizligini ta’minlashdir.
Barchamizga ma’lumki, harakat xavfsizligini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etadi. Jumladan, temir yo‘l kesishmalari, avtotransport vositalari va piyodalar temir yo‘ldan o‘tishlari uchun xavfsiz va qulay bo‘lishi, doimo ishchi holatda saqlanishi nazoratda bo‘lishi lozim.
Inspeksiyaning Toshkent filialida olib borilgan profilaktik ishlar natijasida o‘tgan yilning 2-choragiga nisbatan bir qancha yutuqlarga erishildi. Ya’ni, yuqori tezlikda harakatlanuvchi uchastkalarda, temir yo‘l bekatlarida va o‘zining temir yo‘l shaxobchalariga ega bo‘lgan korxonalarda, poezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy yilning 2-choragi mobaynida 566 nafar ishchi xodimlar ishtirokida 80 dan ortiq profilaktik ishlar, seminarlar o‘tkazildi. Shu jumladan, “Toshkent-Jizzax” yuqori tezlikda harakatlanuvchi uchastkasida 18 ta profilaktik ishlari olib borilgan bo‘lib, ularda jami 50 nafar ishchi xodimlar bilim va malakalarini mustahkamlab olishdi. O‘tkazilgan profilaktika ishlarda aniqlangan 295 ta kamchiliklar barchasi bartaraf etildi. Bundan tashqari temir yo‘l transporti xavfsizligi buzilishi holatlari o‘tgan yilga nisbatan 4 ta holatga kamayishiga erishildi, ya’ni o‘tgan yilining 2-choragida 5 ta holat qayd qilingan bo‘lsa, 2022 yilning 2-choragida 1 ta holatga yo‘l qo‘yilgan.
Filial hududiga qarashli temir yo‘l kesishmalarida poezdlar va avtotransport vositalari o‘rtasida hamda piyodalar bilan bog‘liq to‘qnashuv holatlari kuzatilmadi.
Bundan tashqari “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Transportdagi Ichki ishlar idoralari xodimlari, viloyatlar va tumanlar ichki ishlari nozirlari bilan birgalikda yuqori tezlik temir yo‘l liniyasi atrofida yashovchi aholi punktlarida, o‘quv muassasalarida, korxona, tashkilot va muassasalarda temir yo‘l infratuzilmasi moddiy resurslarini saqlash, xavfsizlik talablariga rioya qilish mavzusida suhbatlar, tushuntirish va profilaktika ishlari muntazam tashkil etib kelinmoqda.
N.T.Valiev
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Toshkent filiali boshlig‘i