Yosh xodimlarning qanday takliflari bor?
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida yosh xodimlarning taklif va mulohazalari, g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish va ularni har tomonlama qo‘llab quvvatlash maqsadida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etib kelinmoqda. Bugungi uchrashuvda inspeksiya kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Dilfuza Madaminova huzurida yoshlarning taklif va murojaatlari tinglanib, inspeksiya vakolati doirasida ijobiy hal qilish choralari ko‘rildi hamda tushuntirishlar berildi.
Dastlab, kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan yosh xodimlarga va umuman yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik, ularga yaratib berilayotgan sharoitlar haqida so‘z bordi. Ilm olish, o‘zi istagan kasbni tanlash, imtiyozli kreditlar, uy-joy sharoitini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qabul qilingan qonun va qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati tushuntirildi. Qiziqish bildirilgan taqdirda qaysi tashkilotga va qay tartibda murojaat qilish lozimligi haqida ma’lumot berildi.
Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda yoshlar takliflarini bildirib, kerakli tavsiyalar olishdi. Jumladan, ishdan ajralmagan holda tahsil olish imkoniyati va tartiblari haqida ma’ruzachiga savol bilan yuzlanishdi va bu borada batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi. Shuningdek, oila instituti, oilaning muqaddasligi borasida fikr almashildi hamda oila mustahkamligini ta’minlashda muhim bo‘lgan omillar muhokama qilindi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati