Nazorat tadbirlarida nimalarga amal qilish kerak?
Biznes-ombudsman devoni tashabbusi bilan “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi markaziy apparati va filiallari xodimlari uchun onlayn seminar o‘tkazildi. Tadbirni vakil devoni yetakchi inspektori Dilshod Nasriddinov olib bordi. Unda nazorat tadbirlarini olib boruvchi inspektorlarga tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkazilayotgan tekshirishlar tartiblari tushuntirildi hamda kerakli tavsiyalar berildi.
Tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bog‘liq katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi ishlab chiqilgan bo‘lib, undan qulay foydalanish uchun platforma yaratilgan. Mazkur platforma tadbirkorlik sub’ektlarida amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlarining barcha bosqichlaridagi jarayonlarni o‘z ichiga qamrab olgan. Nazorat tadbirlarini olib boruvchi xodim o‘rnatilgan tartibda va belgilangan muddatda ma’lumotlarni (buyruq, dastur, dalolatnoma) tizimga kiritishi lozim. Seminarda ushbu tizim bilan ishlash bo‘yicha batafsil tushuntirish berildi.
Shuningdek, amaldagi qonun va qonunchilik hujjatlari va ularning amaliyotda qo‘llanishi bo‘yicha tavsiyalar berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sub’ektlari uchun ma’muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6314-sonli Farmoniga asosan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlarni o‘tkazishga qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilishini oldini olish maqsadida profilaktika tadbirlari belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng amalga oshirilishi ta’kidlandi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5490-son Farmoni va “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va o‘tkazish tartibi haqidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyrug‘i (3067-son bilan Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tgan) talablariga qat’iy rioya qilish lozimligi bildirildi.
Bundan tashqari tekshirishlar turlari, muddati, hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ham tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati