Inspeksiya xodimlari va jamoatchilikka murojaat
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Abduraxmanov A’zam Abdulxaevichning inspeksiya xodimlari va jamoatchilikka
MUROJAATI
Taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan O‘zbekiston uchun korrupsiyaning har qanday shakldagi ko‘rinishi islohotlar shiddatini susaytirishi bilan naqadar xavfli va eng katta illatlardan biri ekanligi hammamizga ma’lum.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev: “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak”, - deb bejizga ta’kidlamaganlar. Korrupsiyaga qarshi nafaqat O‘zbekistonda balki butun dunyoda keskin kurash olib borilmoqda.
Respublikamizda xalq manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan islohot “Inson qadri uchun“, “Davlat – insonlar uchun” degan xalqchil g‘oya, izchillik bilan qaror topib bormoqda. Xususan, “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi ham temir yo‘l transporti sohasida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlash yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirib kelmoqda.
Iqtisodiyotda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan temir yo‘llarda har kuni yuzlab poezdlar harakatlanadi, minglab insonlarni va yuklarni o‘z manzili tomon eltadi. O‘z navbatida, “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi uchun ham tashishlarda insonlarning xavfsizligi birinchi o‘rinda turadi. Shu bilan birga, respublikamiz hududida yashovchi fuqarolar hamda yurtimizga tashrif buyurayotgan chet ellik mehmonlar va rasmiy delegatsiya vakillarining uzog‘ini yaqin qilayotgan zamonaviy, qulay yo‘lovchi poezdlarning o‘z vaqtida xavfsizligini ta’minlash barchamizning vazifamiz.
Shuningdek, yuklarni tashish temir yo‘l transportning asosiy funksiyasi hisoblanib, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqarilishi jarayonidan tortib, uni davom ettirish va yakunlash hamda aholining ehtiyojlarini qondirish uchun zarur bo‘lgan yuklarni manziliga xavfsiz yetkazishdan iboratdir.
Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etishda inspeksiya xodimlari o‘z ishini mas’uliyat va vijdonan bajarishi muhim hisoblanadi. Ma’lumki, korrupsiyani bir yoki ikki idoraning sa’y-harakati bilan batamom yo‘q qilib bo‘lmaydi. Qachonki, barcha fuqarolarimiz, jamoatchilik unga qarshi birgalikda kurashib, uning ildizlarini yo‘q qilishga kirishilsagina ijobiy natijaga erishish mumkin.
Korrupsiya nafaqat mamlakatga moddiy yo‘qotish olib keladi, balki tadbirkorlik rivojiga, qonun ustuvorligini ta’minlashga to‘sqinlik qiladi, jamiyatda ijtimoiy keskinlikni, davlat boshqaruv organlariga ishonchsizlikni keltirib chiqaradi va natijada halokatli oqibatlar yuzaga keladi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi o‘ziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish chog‘ida korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasida keskin va murosasiz kurash olib borishga jiddiy kirishildi.
Inspeksiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha siyosati, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish bo‘yicha nizom, aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy hatti-harakatlar to‘g‘risida kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish reglamenti, etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitilishini tashkil qilish bo‘yicha, kontragentlarni va ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish bo‘yicha yo‘riqnomalar, korrupsiyaga qarshi tartib-taomillarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish uslubiyoti hamda korrupsiyaviy xatti-harakatlari va odob-axloq qoidalarini buzish holatlari ustidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazish bo‘yicha reglamenti bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, inspeksiyaning 2022 yil 25 yanvardagi 12-sonli buyrug‘i bilan qabul qilingan korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi hamda Inspeksiya markaziy apparati va hududiy filiallarining korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi asosida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
2022 yilning I va II choragida inspeksiya xodimlarini “Korrupsiya va kompleans nazorat” qisqa muddatli o‘quv kursi bo‘yicha malakasi oshirildi. Inspeksiyada korrupsiyaviy tavakkalchilikka eng ko‘proq moyil bo‘lgan vazifalarni bajaruvchi bo‘lim va hududiy filial rahbarlaridan iborat 24 nafar xodim ishtirok etdi va ularga kurs yakuni bo‘yicha Adliya vazirligi qoshidagi “Yuristlar malakasini oshirish markazi” tomonidan sertifikatlar taqdim etildi.
Inspeksiyaning 2021 yil 12 apreldagi “Ishga qabul qilish, xodimlarni boshqa lavozimga o‘tkazish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 97-son buyrug‘iga muvofiq Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda e’lon qilingan mustaqil, ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Inspeksiyada xodim va ish beruvchi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi kurashish shartlari bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritildi.
Inspeksiyada korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida tezkor xabar berish imkoni beruvchi aloqa kanallari, maxsus axborot portallari, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Inspeksiyaning rasmiy sayti (“rwnadzor.uz”), telegram kanali (“https://t.me/Uztemiryulnazorat”), ijtimoiy tarmoqda (“https://www.facebook.com/Uztemiryolnazorat-inspeksiyasi-100865232225626/”) sahifasi shular jumlasidan. Korrupsion holatlar haqida xabar berish uchun elektron pochta manzili: (antikorrupsiya@rwnadzor.uz) hamda qayta aloqa boti (“@axborot_xizmati_rwnadzor_bot”) tashkil qilingan. Xususan, inspeksiyada korrupsiya holatlari haqida xabar berish mexanizmi joriy etilgan bo‘lib, xabar bergan xodimlarni rag‘batlantirish, ularning ta’qibga olinmasligi kafolatlanadi.
Agarda, mazkur illat inspeksiyaning xodimlari faoliyatida uchrasa, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga albatta o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganlaridek “Davlat tizimini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasi bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi, byurokratiyaning har qanday ko‘rinishlariga, odamlarni mensimaslik, mahalliychilik va guruhbozlik illatlariga qarshi barchamiz keskin kurash olib borishimiz kerak”.
Afsuski, ba’zi sohalarda faoliyat yuritayotgan ayrim nopok xodimlar o‘z manfaatlarini ko‘zlab, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, noqonuniy ishlarga aralashib qolayotgani achinarli holatdir. “Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi” degan maqol bejiz aytilmagan. Sodir etilgan har qanday poraxo‘rlik sirligicha qolmaydi, albatta oshkor bo‘ladi. Shuning uchun men sizlarni ogohlantirib o‘tmoqchiman, har qanday jinoyat uchun jazo muqarrardir, buni har bir inspeksiya xodimi vujudi bilan his qilishi, ko‘z oldiga bolalari, ota-onasi va aka-ukalarini keltirishi kerak.
Barchamiz vakolat doiramizdan, xizmat vazifamizdan hamda fuqarolik burchimizdan kelib chiqib, har bir korxona va tashkilotlarda, shuningdek, tuman, shahar va mahalla hududidan o‘tuvchi temir yo‘lda poezdlarning harakat xavfsizligiga qaratilgan qonunchilik talablarini so‘zsiz bajarilishini ta’minlashimiz zarur.
Inspeksiyaning tashkilot va korxonalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyulidagi PF-5490-sonli Farmoni 2-ilovasi
23-bandi asosida o‘tkazilayotgan tekshiruvlarda ishtirok etayotgan yo‘l, lokomotiv, tashishlar, vagon, elektr ta’minoti, aloqa va signallashtirish xo‘jaliklari bo‘yicha har bir inspektorni men shunday ta’riflagan bo‘lardim – bu oddiy xodim emas, u davlat topshirig‘i va manfaatlari bo‘yicha uning nomidan harakat qiluvchi shaxsdir. Shuning uchun inspektor degan yuksak hamda sharafli nomga dog‘ tushirmaslik uchun halol bo‘lishimiz, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni vijdonan, vatanparvarlik tuyg‘usini to‘liq his etgan holda bajarishimiz lozim bo‘ladi. Tekshiruvlar tartibini buzgan xodimlar Ma’muriy javobgarlik hamda Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishini esdan chiqarmaslik zarur.
O‘z navbatida, yana shuni aytib o‘tish o‘rinliki jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi qayta ishlab chiqilgan bo‘lib, unda Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda va korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasining aniq (23 ta) ro‘yxati belgilanmoqda.
Inspeksiya xodimi halol, ko‘ngli ochiq, aql va zakovat sohibi bo‘lsa u albatta xalq ishonchini, e’tiborini qozona oladi. Shunday ekan, inspeksiyaning samarali faoliyati uchun avvalambor o‘zimiz mas’ul ekanligimizni unutmaylik.
Kelinglar, korrupsiya va poraxo‘rlikka qarshi murosasiz kurash olib boraylik!
Murojaatlar uchun
ishonch telefon raqamlari: 71-299-16-65; 71-299-78-62 (37-862).