Inspeksiya brifingi bo‘lib o‘tdi
Bugun AOKAda “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Axborot xizmati boshlig‘i Firdavs Xayriddinov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining “Temir yo‘l kesishmalaridan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” gi 4-son buyrug‘i haqida ma’lumot berildi. Ushbu hujjat Adliya vazirligi tomonidan 3363-son raqami bilan 2022 yil 19-aprelda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur qoidalar O‘zbekiston Respublikasining “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi Qonuni 21-moddasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirig‘iga muvofiq tayyorlandi.
Qoidalar 7 bob va 5 ta ilovadan iborat bo‘lib, temir yo‘lda tashishlar xavfsizligi darajasini oshirishni ta’minlash, yo‘l transport hodisalarini hamda texnologik va texnogen xarakterdagi tahdidlarning oldini olish maqsadida, xalqaro amaliyot va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablarini hisobga olgan holda tayyorlangan.
Qoidalarda:
Temir yo‘l kesishmalarini komissiya texnik ko‘rigidan o‘tkazish hamda yangi temir yo‘l kesishmalarini ochish va yopish, temir yo‘l kesishmalarining tasnifi va toifalarini aniqlash bilan bog‘liq normalar;
Temir yo‘l kesishmalarining tuzilishi, jihozlanishi va ulardan foydalanishga qo‘yiladigan talablar;
temir yo‘l kesishmalari chegarasida va ularga olib boradigan avtomobil yo‘llari uchastkalari tuzilishi, jihozlanishi, foydalanilishi, saqlanishi va ta’mirlanishiga bo‘lgan talablar;
temir yo‘l kesishmalarida navbatchi xodimlar tomonidan xizmatni tashkil etilishi tartibi, ularning favqulodda harakatlari va majburiyatlariga bo‘lgan talablar belgilandi.
Mazkur Qoidalarda asosan “temir yo‘l izining kengligi – 1520 mm” bo‘lgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar tajribasidan foydalanildi.
Ushbu Qoidalar temir yo‘l kesishmalarida harakat xavfsizligi darajasi oshishiga va temir yo‘l kesishmalaridagi yo‘l–transport hodisalari darajasi kamayishiga, odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga, jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat mulkiga yetadigan zararlarning, shuningdek, ekologik oqibatlarni oldini olishga xizmat qiladi.
Qoidalarda temir yo‘l kesishmalari temir yo‘l infratuzilmasi egasi yoki shoxobcha yo‘llari egasi tomonidan o‘zlarining mutaxassislaridan iborat tarkibda tuziladigan Temir yo‘l kesishmalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha komissiya ko‘rigidan har yili kamida bir marta o‘tkazilishi lozimligi belgilangan.
Infratuzilma egasi yoki shoxobcha yo‘llari egasi navbatdagi Komissiya ko‘rigi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi, tegishli mahalliy davlat hokimiyati organi, ko‘rik o‘tkazilayotgan temir yo‘l kesishmasini kesib o‘tuvchi avtomobil yo‘l uchastkasi egasi hamda yo‘lovchi tashish transport tashkilotiga ko‘rik o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy haqida ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda, yozma ravishda xabarnoma yuboradi.
Komissiya ko‘rigi natijalari bo‘yicha aniqlangan holatlar yuzasidan dalolatnoma tuziladi. Dalolatnomada qonunchilik hujjatlari va mazkur Qoidalarning talablariga muvofiq bartaraf etilishi lozim bo‘lgan kamchiliklar, shu jumladan ushbu kamchiliklarni bartaraf etish muddatlari ko‘rsatiladi.
Komissiya ko‘rigi natijalari bo‘yicha dalolatnomada ko‘rsatilgan kamchiliklarning belgilangan muddatlarda bartaraf etilishi ustidan nazorat “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “O‘zyo‘linspeksiya” va Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Temir yo‘l kesishmalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash loyihalarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan kelishish Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 1 martdagi 111-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomobil yo‘llarini, yo‘l inshootlarini, temir yo‘l kesishmalarini, avtomobil yo‘llari va ko‘chalar bo‘yida joylashgan AYoQS, AGTKS va AGQS (avtomobillarga benzin quyish, gaz to‘ldirish va gaz quyish) stansiyalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash loyihalarini kelishish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga muvofiq amalga oshiriladi.
Poezdlar harakatining tezligi soatiga 200 kilometrdan ortiq bo‘lgan yuqori tezlikdagi temir yo‘l yo‘nalishlarida yangi temir yo‘l kesishmalarini loyihalash va ochish taqiqlanadi.
Mazkur hujjat 2022 yil 20 iyuldan kuchga kiradi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati