Inspeksiyaning Toshkent filiali faoliyati

 

Toshkent filiali xodimlari tomonidan temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta’minlash va ehtimoliy xavflarni oldini olish maqsadida 26 ta profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Tadbirlarning 15 tasi shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarida tashkil etildi hamda faoliyati temir yo‘l transporti bilan bog‘liq bo‘lgan 200 nafarga yaqin xodimlari va mas’ullar ishtirok etishdi. Ularga temir yo‘l transporti va harakat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi normativ huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va amaliyotda qo‘llanishi bo‘yicha tushuntirish berildi. Inspektorlar har bir xo‘jalik bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berishdi.

Shuningdek, may oyida 4 ta nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Tekshirishlar davomida 107 ta, shu jumladan 54 ta harakat xavfsizligiga xavf soluvchi kamchiliklar aniqlandi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida korxonalarga inspeksiya tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar kiritildi va ijrosi nazoratga olindi. 

Yakunlangan oy davomida yuqori tezlikdagi Toshkent-Samarqand-Qarshi va Maroqand-Buxoro uchastkalarida 5 marotaba profilaktik ishlar amalga oshirildi. Harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan ishlar natijasida harakat xavfsizligining buzilish holatlari qayd etilmadi. Temir yo‘l transportida nuqson holatlariga yo‘l qo‘yish ko‘rsatkichi esa, aksincha o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 taga ko‘paygan.

 “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati