Ochiq ma’lumotlarni kuzatib boring
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyun sanasida “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan. Qarorga muvofiq barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portaliga va o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, ularni belgilangan muddatlarda yangilab borishadi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida ham Ochiq ma’lumotlar portali va inspeksiya rasmiy veb-sayti “rwnadzor.uz”da alohida (“Ochiq ma’lumotlar”) bo‘limi ochilgan bo‘lib, u yerda saytga tashrif buyuruvchilar inspeksiya faoliyatiga oid, ochiqlanishi mumkin bo‘lgan barcha ma’lumotlar bilan tanishib olishlari mumkin. Jumladan, temir yo‘l transportiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlaridagi nazorat tadbirlari, statistik ma’lumotlar, bo‘sh ish o‘rinlari, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish jadvali, xarajatlar smetasi va uning ijrosi, davlat xaridlari, xarid komissiyasi va xarid qilinishi rejalashtirilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar joy olgan. Shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash maqsadida, bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida e’lonlar, o‘tkaziladigan tanlovlar rasmiy telegram kanalida ham joylashtirilib, barcha jarayonlar real vaqt rejimida onlayn translyatsiya qilinadi.
Inspeksiya faoliyatiga oid ochiq ma’lumotlar bilan tanishish uchun internetdagi “rwnadzor.uz” saytiga kirib undan “Press-markaz” bo‘limini tanlashlari va ketma-ketlik bo‘yicha tepadan pastga qarab 9 o‘rinda joylashgan “Ochiq ma’lumotlar” bo‘limchasiga kirib batafsil tanishishlari mumkin. Ma’lumotlar har chorakda yangilab boriladi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati