Hamkorlikdagi seminar samarali bo‘ldi
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarmasi xodimlari ishtirokida Toshkent markaziy vokzalida seminar o‘tkazildi. Tadbirda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyatining Bosh chipta kassirlari va shu yo‘nalishdagi mas’ullar, Toshkent markaziy vokzal filiali rahbariyati ishtirok etishdi.
Yig‘ilganlarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2012 yil 13 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transportida yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 109-son qarori mazmun-mohiyati, qonunchilikdagi yangiliklar va o‘zgartirishlar haqida ma’lumot berildi.
Mazkur Qoidalar ichki temir yo‘l yo‘nalishlarida temir yo‘l transportida yo‘lovchilar, qo‘l yuki, bagaj va yuk bagajini tashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilishida tashuvchi va yo‘lovchi, yuk jo‘natuvchi va yuk qabul qiluvchi o‘rtasida yuzaga keluvchi munosabatlarni tartibga soladi. Chiptani rasmiylashtirish shaxsni tasdiqlovchi hujjat asosida amalga oshirilishi belgilanganligi va kassalarda chipta sotuvchilar mazkur qoidalarga qat’iy amal qilishlari lozimligi bildirildi.
Shuningdek, yo‘lovchilarga chipta sotishda voyaga yetgan (16 yosh) shaxslarga imkon qadar tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma asosida chipta sotmaslik, O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidasini buzgan xorijiy yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar murojaat etganda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati xodimlariga zudlik bilan xabar berish va Ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati