Ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi
IIV Akademiyasida ichki ishlar organlarining temir yo‘l transportida xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmalarining boshqaruv tizimini takomillashtirish istiqbollari mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi
Konferensiyada Transport vazirligi va vazirlik huzuridagi “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi, Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, Jamoat xavfsizligi universiteti, Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali va boshqa hamkor tashkilotlar ishtirok etishdi.
Akademiya boshlig‘ining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Ruftullo Nigmatov kirish so‘zi bilan ochib bergan ilmiy-amaliy anjumanda mutasaddilar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha fikr va mulohazalarini bildirishdi. Jumladan, “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari A’zam Abduraxmanov “Temir yo‘llarda tashish xavfsizligini ta’minlashda temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi bilan ichki ishlar organlari transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmalarining hamkorligi: muammo va yechimlar” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Shuningdek Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Farxodbek Ashmatov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksionerlik jamiyati bosh mutaxassisi Shuhrat Ibragimov, IIV Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Davron Ashurov, IIV Akademiyasi kafedra boshlig‘i, polkovnik Isomiddin Ismoilovlar so‘zga chiqishdi.
Transport sohasida xavfsizlikni lozim darajada ta’minlanishi bo‘yicha davlat nazorati ishlarini yanada takomillashtirish, ushbu sohadagi kadrlar salohiyati va sifat tarkibini oshirish, temir yo‘l transporti ob’ektlarida jamoat xavfsizligini ta’minlashning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, tizimning huquqiy asoslarini mustahkamlash borasida taklif va tavsiyalar bildirildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati