Temir yo‘l xavfli hudud

Bugungi  kunda  yo‘l qoidalariga amal qilmaslikning ayanchli oqibatlari haqida qancha ko‘p gapirilmasin, bundan o‘ziga yetarli xulosa chiqarmayotgan fuqarolar hamon uchrab turibdi.  Bu esa temir yo‘llarda harakatdagi tarkib bilan bog‘liq bo‘lgan baxtsiz hodisalarni yuzaga keltirmoqda.

Toshkent mintaqasida temir yo‘l transportida xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati xodimlari  tomonidan transport inshootlarida jinoyat va xuquqbuzarliklar hamda turli ko‘rinishdagi baxtsiz hodisalarni oldini olishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar reja asosida amalga oshirilmoqda. Shunga qaramasdan, fuqarolarimizni temir yo‘l transportida harakat xavfsizligi qoidalarini qo‘pol ravishda buzishlari oqibatida turli ko‘rinishdagi ko‘ngilsiz holatlarga  sodir bo‘lmoqda. Jumladan, joriy yil davomida transport inshootlarida xavfsizlikni ta’minlash,  jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish maqsadida  olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida  Toshkent viloyatining Toshkent, Toshkent shahrining Olmazor va Yunusobod tumanlari hududidan kesib o‘tuvchi temir yo‘llarda 525 nafar fuqaro temir yo‘lni belgilanmagan joylarini kesib o‘tganliklari qayd etilgan. Qoidabuzarlarga nisbatan O‘zbekiston  Respublikasi MJtK 113-moddasining 4-qismi (temir yo‘lni belgilanmagan joyini kesib o‘tish) hamda 5 nafar fuqaroga nisbatan 113-moddasining 2-qismi (temir yo‘l yaqinida chorva mollarini boqish) bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirib jarima jazosi belgilangan. Bundan tashqari 11 nafar fuqaroga nisbatan  O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 313-moddasi (ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnoma)ga asosan ularni yashash manzillaridagi mahalla fuqarolar yig‘inlariga taqdimnomalar kiritildi. Oxirgi vaqtlarda fuqarolarimizni bila turib temir yo‘lni belgilanmagan joylaridan harakatlanishlari yoki kesib o‘tishlari  oqibatida turli ko‘rinishdagi fojiaviy holatlar yuzaga kelmoqda.     

Jumladan, joriy yilning 3-yanvar kuni Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi fuqaro N.A. temir yo‘l izlari atrofida qulog‘iga quloqchin taqib musiqa tinglab, chorva mollarini boqib yurgan vaqtida yo‘nalishda bo‘lgan yuk poezdi urib yuborgan. Fuqaro olgan tan jarohati bilan voqea joyida vafot etgan.

  -2022-yil 27-fevral kuni Chirchiq shahridagi “Boz-su” temir bekatida 2009 yilda tug‘ilgan  maktab o‘quvchisi A.X. turgan yuk vagoni ustiga  chiqqan vaqtida vagon ustidan o‘tgan elektr tarmog‘idagi 27.000 (yigirma yetti ming) volt kuchlanishdagi elektr toki urgan. Voyaga yetmagan bola tanasining 80% elektr toki yoyi alangasidan termik kuyish tashxisi bilan og‘ir ahvolda Chirchiq shaxar Tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan.  

Xuddi shu kuni “Hamza-Yalang‘och” temir yo‘l bekatlari oralig‘ida fuqaro R.R. mast holatda temir yo‘lni belgilanmagan joyida o‘tirgan vaqtida harakatdagi 8801-sonli yuk poezdi urib yuborgan. Fuqaro olgan tan jarohati natijasida voqea joyida vafot etgan.   

 - Joriy yil 4-mart sanasida  “Salar” temir yo‘l bekatida maktab o‘quvchisi M.D turgan yuk  vagon ustiga chiqqan vaqtida vagon ustidan o‘tgan elektr tarmog‘idagi 27.000 (yigirma yetti ming) volt kuchlanishdagi elektr toki urgan, holat fojiali yakun topgan. 

Bundan ko‘rinib turibdiki yo‘l qoidalariga amal qilmaslik, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yish yoki bila turib qoidalarni qo‘pol ravishda buzish insonni falokatga yetaklab turli ko‘rinishdagi salbiy holatlarni yuzaga keltirishi tayin.  

Biz Toshkent mintaqasidagi temir yo‘l transportida xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati xodimlari  fuqarolarimizni temir yo‘l transportida harakat xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishlarini  so‘rab qolamiz.

Toshkent mintaqasidagi temir yo‘l trasportida
XTB “Keles” bekatidagi bo‘linma huquqbuzarliklar
profilaktikasi bo‘limi katta inspektori, mayor  
S.X.Nurmaxamedov