Gender tengligi masalalari o‘rganildi
Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ular uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid qator qonunchilik hujjatlari qabul qilindi.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari faoliyati tashkil etildi.
Joriy oy davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi vazirlik va idoralarda tashkil etilgan maslahat kengashlari faoliyatini o‘rganmoqda. O‘zbekiston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Oliy majlis Senati eksperti Oynisa Musurmanova boshchiligidagi ishchi guruh “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasiga tashrif buyurib inspeksiyadagi gender tenglik masalalari bo‘yicha maslahat kengash faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat kengashi tomonidan qabul qilingan qarorlar, belgilangan chora-tadbirlar dasturi va uning ijrosi holati o‘rganildi. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratish, ularning mehnat huquqlarini himoya qilish, ishiga munosib xaq to‘lash, rag‘batlantirish, rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish lozimligi aytib o‘tildi.
Bugungi kunda inspeksiyada faoliyat yuritayotgan 63 nafar xodimdan 16 nafari, ya’ni 25% ini ayollar tashkil etadi. Inspeksiyada kasaba uyushma qo‘mitasi raisi, ikkita yetakchi bo‘lim boshliqlarining ayollar ekanligi ijobiy baholanib bu boradagi ishlarni davom ettirish muhimligini ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, gender tengligi ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi. Mamlakatimizdagi yetakchi ekspertlar ishtirokida seminar-treninglar o‘tkazish bo‘yicha ham kelishib olindi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati