18 may – Xalqaro muzeylar kuni
Mazkur sana 1977-yildan beri nishonlab kelinadi. Bugun poytaxtdagi barcha muzeylarda «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkazil, o‘nlab yangi ko‘rgazmalar ochildi. “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlari ham xalqimizning tarixiy, ilmiy-madaniy va ma’naviy qadriyatlaridan yaqindan xabardor bo‘lish maqsadida O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi va Toshkent Politexnika muzeyiga tashrif buyurishdi.
O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi ekspozitsiyasidan O‘zbekistonning antik va o‘rta asr san’atiga oid me’moriy bezaklar, kashtalar, gilamlar, matolar, zargarlik san’ati namunalari joy olgan. Tasviriy san’at ekspozitsiyasi milliy grafik tasviriy san’at rivojining bir asrdan ortiq tarixga ega shakllanishi hamda rivojlanishining mashaqqatli va betakror yo‘lini ko‘rsatib bergan. Bu yerda bronza, chinni, fil suyagi, yog‘och o‘ymakorligi, musiqa cholg‘u asboblari, gilamlar va boshqa buyumlar kolleksiyasini ko‘rish mumkin.
O‘zining yo‘nalishida O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Toshkent Politexnika muzeyi inspeksiya xodimlarida unutilmas taassurotlar qoldirgani aniq. Bu yerda jahon va O‘zbekiston avtomobilsozlik tarixi, turli yillar mobaynida «General Motors Uzbekistan» konveeridan chiqqan birinchi o‘zbek avtomobillari joy olgan. Ular orasida avtomobilning old qismiga tushirilgan O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning dastxati alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, turli yillarda ishlab chiqilgan «Folksvagen», «Moskvich-400», GAZ-13, GAZ–21, «Chayka» va boshqa rusumdagi avtombillarni ko‘rish mumkin.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati