Inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv seminari o‘tkazildi

 

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo‘yicha 2022 yilga mo‘ljallangan ish rejasiga muvofiq xodimlarining huquqiy  bilimlari va malakasini muntazam oshirib borish belgilangan. Shunga ko‘ra Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi professor-o‘qituvchilari ishtirokida “Korrupsiya va komplaens nazorat” qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.

Navbatdagi seminar mashg‘ulotlari 16-17 may kunlari o‘tkazildi. Unda korrupsion jinoyatlar kelib chiqishi va rivojlanishi, korrupsiyaga qarshi kurashga oid xalqaro standartlar tizimi va xorijiy davlatlar tajribasi bo‘yicha ma’ruza qilindi. Tinglovchilar huquqiy nigilizm va korrupsiyaning salbiy oqibatlari hamda unga qarshi kurashish usullari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi. Shuningdek, “komplaens-nazorat” tizimining tushunchasi, tartibga solish asoslari va joriy qilish maqsadi hamda tarixi to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tildi.

Kurslar yuridik fanlar nomzodi, dotsentlar Rafik Shakurov hamda Shuxrat Raxmonov tomonidan olib borildi. Ikki kunlik kurslar yakuni bo‘yicha tinglovchilarga tegishli sertifikatlar taqdim etiladi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati