Bir guruh xodimlar taqdirlandi!
9 may umumxalq bayrami — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab madaniy tadbirlar davom etmoqda. “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi va O‘zbekiston “Veteran” jangchi faxriy va nogironlari birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda bugungi kunda inspeksiyada faoliyat yuritib kelayotgan va o‘z vaqtida Afg‘on urushida qatnashgan xodimlar taqdirlandi.
Ta’kidlanishicha, Afg‘on urushida 65 ming nafar o‘zbek yigitlari qatnashib, 1500 nafardan ko‘prog‘i halok bo‘lgan. Aksariyati og‘ir jarohatlari bilan ortga qaytishgan. Birlashma raisi Tal’at Murodov so‘zga chiqib, Afg‘oniston hamda boshqa chegaralangan hududlardagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan, O‘zbekiston jangchi-faxriylari, urush nogironlari va halok bo‘lgan jangchilarning matonati haqida so‘zlab, ularning qahramonliklarini har doim yodda saqlash har bir vatandoshimizning insoniy burchi ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Afg‘on urushida qatnashgan inspeksiya xodimlari Komil Ismailov va Rauf Isroilovlarga O‘zbekiston “Veteran” jangchi faxriy va nogironlari birlashmasining medallari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, oilada ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, farzandlarini Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash yo‘lidagi samarali mehnati bilan tashabbus va ibrat ko‘rsatib kelayotgani uchun Feruza Kenjaeva “Vafo va sadoqat uchun” medali bilan taqdirlandi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati