“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi brifingi

Bugun AOKAda inspeksiya Axborot xizmati boshlig‘i Firdavs Xayriddinov ishtirokida brifing o‘tkazildi.  Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 sentabrdagi “Foydalanishga topshiriladigan harakatdagi temir yo‘l tarkibi xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash” haqidagi 537-son qarori mazmun-mohiyati haqida axborot berildi.

 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Foydalanishga topshiriladigan harakatdagi temir yo‘l tarkibi xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarori “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 12 dekabrdagi PQ-4059-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

Qarorning maqsadi - inson hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy va yuridik shaxslar, davlatning mol-mulkini himoyalash, atrof muhit, jonivorlar va o‘simliklar hayoti va sog‘ligini muhofaza qilish, shuningdek xaridorlar va iste’molchilarni (foydalanuvchilarni) uning vazifasi va xavfsizligiga nisbatan adashishiga olib keluvchi harakatlardan ogohlantirish maqsadida, harakatdagi temir yo‘l tarkibi va uning tarkibiy qismlari xavfsizligiga loyihalash, ishlab chiqarish va modernizatsiya qilishda  qo‘yiladigan yagona majburiy talablarni belgilashdan iborat.

Foydalanishga topshiriladigan harakatdagi temir yo‘l tarkibi xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab olti oy o‘tgach, amalga kiritiladi (2023 yil 29 mart).

Qarorga ilova qilinayotgan “Foydalanishga topshiriladigan harakatdagi temir yo‘l tarkibi xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglament zarar yetkazish xavfi darajasini hisobga olgan holda, harakatdagi temir yo‘l tarkibi va (yoki) uning tarkibiy qismlariga qo‘yiladigan, ularning bajarilishi (harakat, nurlanish, portlash, mexanik, yong‘in, termik va elektr xavfsizligi)ni ta’minlaydigan minimal zarur talablarni belgilaydi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar va idoralarga qarashli temir yo‘l shoxobcha yo‘llarida foydalanish uchun topshiriladigan yangi ishlab chiqariluvchi (modernizatsiya qilinuvchi) harakatdagi temir yo‘l tarkibi (lokomotivlar, motorvagonli harakatdagi tarkib, yuk va yo‘lovchi vagonlar, maxsus harakatdagi temir yo‘l tarkibi) va uning tarkibiy qismlari ushbu umumiy texnik reglamentning ob’ektlari hisoblanadi.

Mazkur umumiy texnik reglament talablari harakatlanish tezligi 200 km/soatgacha bo‘lgan harakatdagi temir yo‘l tarkibidan foydalanishda tatbiq etiladi.

Temir yo‘l transportidan foydalanishning o‘ziga xos hususiyati harakatdagi temir yo‘l tarkibining harakatlanishi va to‘xtab turishida yuzaga keladigan xavflarning mavjudligi bilan bog‘liq bo‘lib, bu noqulay omillarning muayyan kombinatsiyasida  harakatdagi temir yo‘l tarkibining temir yo‘l izidan chiqib ketishiga, odamlar va hayvonlarni urib yuborishiga, harakatdagi temir yo‘l tarkiblarining to‘qnashuvlariga olib kelishi mumkin. Ushbu xavflarning yuzaga kelishi odamlarning halok bo‘lishi yoki shikastlanishi, ziyon (zarar) yetkazish bilan bog‘liq bo‘lgan halokatlar, avariyalar, baxtsiz hodisalarning (shu jumladan temir yo‘l kesishmalaridagi) haqiqiy xavf omillarining kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Muvofiqlikni majburiy tasdiqlash: umumiy texnik reglament, davlatlararo va milliy standartlar va qoidalar to‘plami talablarining bajarilganligini isbotlash yo‘li orqali amalga oshiriladi. Bunday hollarda davlatlararo va milliy standartlar va tegishli ro‘yxatlardagi qoidalar yig‘indilari aniq talablarining bajarilganligi ushbu umumiy texnik reglament talablariga rioya etilganligi hisoblanadi.

Shu tariqa, ushbu umumiy texnik reglamentni shakllantirishning asosiy tamoyillari bo‘lib: harakatdagi temir yo‘l tarkibida xavfsizlik darajasini saqlab qolish; temir yo‘l transportida texnik jihatdan tartibga solishning amaldagi tizimi bilan uzviylik; shuningdek, xalqaro va Yevropa standartlarida belgilangan talablar bilan uyg‘unlashtirish hisoblanadi.

Umumiy texnik reglament sanoati rivojlangan mamlakatlarda amalda bo‘lgan va temir yo‘l transporti xavfsizligini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini, Bojxona ittifoqiga a’zo davlatlarning temir yo‘l transporti sohasiga oid qonun hujjatlarini, shuningdek temir yo‘l transporti sohasidagi xalqaro va milliy standartlarni  o‘rganishni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.

Xususan, umumiy texnik reglamentni tayyorlashda Yevropa Ittifoqining Parlament Direktivalari va Yevropa Ittifoqi Kengashining “Yevropa davlatlarining temir yo‘l xavfsizligi”  va “Trans Yevropa oddiy temir yo‘l tizimlarining ekspluatatsiya hamkorligi to‘g‘risida” kabi direktivalarining alohida normalari hisobga olingan.

Shu bilan birga mazkur reglamentda harakat xavfsizligi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan va qonunchilikda tartibga solinmagan bir qator normalar inobatga olindi. Jumladan, harakatdagi temir yo‘l tarkibi va uning tarkibiy qismlarining konstruksiyasiga yoki tayyorlanish texnologiyasiga xavfsizlikka ta’sir etuvchi o‘zgartirishlar kiritilgan hollarda, shuningdek, xizmat muddatini uzaytirish bilan modernizatsiya qilinganda, ko‘rsatib o‘tilgan temir yo‘l mahsulotining muvofiqligi majburiy tasdiqlashdan o‘tkazilishi lozimligi belgilandi. Bunda xizmat muddatini uzaytirish orqali modernizatsiya qilingan harakatdagi temir yo‘l tarkibi va uning tarkibiy qismlariga yangi ishlab chiqarilgan harakatdagi temir yo‘l tarkibi va uning tarkibiy qismlariga tatbiq etiladigan kabi muvofiqlikni baholash tartib-taomillari tatbiq etilishi belgilandi.

Foydalanishga topshiriladigan harakatdagi temir yo‘l tarkibiga ushbu Texnik reglament bilan belgilangan talablarga rioya qilish bo‘yicha davlat nazorati O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, shuningdek, boshqa maxsus vakolatli davlat organlari o‘z vakolatlari doirasida amalga oshirishi belgilangan.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati