“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘ining murojaati
Barchamizga ma’lumki, Korrupsiya davlat va jamiyat farovonligi uchun eng jiddiy xavf-xatarlardan biri hisoblanib, ushbu ijtimoiy illat keltirib chiqaradigan oqibatlar to‘g‘risida ko‘plab misollar keltirish mumkin. Shu bois mazkur illatning oqibatlari bilangina emas balki, uning kelib chiqishiga shart-sharoit yaratadigan holatlar bilan kurashish orqali oldini olish mumkin.
Mazkur yo‘nalishda inspeksiya tizimida qator ijobiy ishlar amalga oshirildi va bu jarayon muntazam davom etmoqda. “9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash” kuniga bag‘ishlangan 2021 yil 22 noyabrdan – 2 dekabrga qadar “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq” 10 kunligi tashkil etildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki idoraviy hujjatlar bilan tanishtirish, korrupsion holatlarning oldini olish bo‘yicha 2021 yil 30 noyabr kuni “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi. Shuningdek, inspeksiyaning barcha hududiy filiallarida shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirokida seminarlar tashkil etildi.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashishning ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish maqsadida milliy qonunchilik hujjatlari tobora takomillashtirilib bormoqda va bu korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi PF-6013-son “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora – tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash hamda inspeksiya tizimida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etishning ustuvor vazifalarini o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilib tavsiya etilgan, BMT TDning “O‘zbekistonda samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish” loyihasi bilan birgalikda ISO 37001:2016 korrupsiyaga qarshi standartlardan kelib chiqib, inspeksiyada korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etuvchi ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqilib qabul qilingan.
Xususan, inspeksiya faoliyatida ochiqlik, oshkoralik, shaffoflikni ta’minlash, samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida 11 ta ichki normativ hujjatlar ishlab chiqilib, tegishli buyruqlar bilan tasdiqlandi. Jumladan,
-korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Siyosat,
- korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash Uslubiyoti,
- manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish bo‘yicha Nizom,
- aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy hatti-harakatlar to‘g‘risida kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish Reglamenti,
- etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitilishini tashkil qilish bo‘yicha, kontragentlarni tekshirishga oid va ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish bo‘yicha Yo‘riqnomalar,
- Korrupsiyaga qarshi tartib-taomillarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish Uslubiyoti,
- korrupsiyaga qarshi kurash tizimining holati to‘g‘risidagi hisobotni shakllantirish va taqdim etish bo‘yicha Nizom,
- “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlarining odob-axloq qoidalari
- korrupsiyaviy hatti-xarakatlar va odob-axloq qoidalarini buzish holatlari ustidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazish bo‘yicha Reglamenti tasdiqlandi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tasdiqlangan ichki idoraviy hujjatlar talablari egallab turgan lavozimi va bajarayotgan funksiyasidan qat’iy nazar inspeksiyaning barcha xodimlari uchun birdek amal qilishi belgilab qo‘yilgan.
Inspeksiyada korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida tezkor xabar berish imkoni beruvchi aloqa kanallari, jumladan rasmiy sayt (“rwnadzor.uz”), telegram kanal (“https://t.me/Uztemiryulnazorat”), ijtimoiy tarmoqda sahifa (“https://www.facebook.com/Uztemiryolnazorat-inspeksiyasi-100865232225626/”) “Ishonch telefoni” (71-299-16-65) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib har bir murojaat shaxsan inspeksiya boshlig‘i nazorati ostida qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Barcha-barchani korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlarida faol ishtirok etish orqali mazkur illatni bartaraf etishda o‘z hissalarini qo‘shishlariga chaqirib qolamiz.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati