Mart oyida nechta korxonada profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi?
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining mart oyi uchun nazorat va profilaktik tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Rejaga muvofiq, joriy oy davomida inspeksiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 22 ta korxonada nazorat tadbirlari o‘tkaziladi.
Inspeksiyaning markaziy apparati xodimlari “MAXAM-CHIRCHIQ” va “AMMOFOS-MAXAM” aksiyadorlik jamiyatlarini tekshirishsa, filiallar o‘z hududlaridagi korxonalarda nazorat tadbirlarini o‘tkazishadi. Tekshirishlar yakuniga ko‘ra harakat xavfsizligiga xavf soluvchi kamchiliklar aniqlanganda kamchiliklarni bartaraf etilish maqsadida bajarilishi majburiy bo‘lgan tegishli ko‘rsatma kiritiladi.
Shuningdek, temir yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash, ehtimoliy xavflarni oldini olish va temir yo‘l xodimlarini bilimlarini mustahkamlash maqsadida profilaktik tadbirlar ham davom ettiriladi. Mart oyi davomida jami 150 ta profilaktik tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha rasmiy sahifalarimiz orqali xabardor bo‘lib borishingiz mumkin.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati