Yanvar oyida Toshkent filialida amalga oshirilgan ishlar tahlili

 

Joriy yil yanvar oyida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Toshkent filiali tomonidan temir yo‘llarda tashishlar xavfsizligi sohasiga oid normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi yuzasidan profilaktika tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan jadvalga muvofiq “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda vazirlik va idoralarning temir yo‘llarida poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan 53 ta profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. Mazkur tadbirlarda faoliyati temir yo‘llarda tashishlar jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan 256 nafar xodim bilim  va malakasini mustahkamladi.

Filial tomonidan Toshkent-Samarqand-Qarshi-Kitob, Maroqand-Buxoro uchastkalaridagi tezyurar va yuqori tezlikdagi yo‘lovchi poyezdlari harakati xavfsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Yuqori tezlikdagi Toshkent-Samarqand-Qarshi-Kitob, Maroqand-Buxoro uchastkalarida 4 marotaba profilaktika tadbirlari amalga oshirildi.

Tizimli ravishda o‘tkazilgan amaliy ishlar natijasida filial miqyosida 2022 yilning yanvar oyida temir yo‘l transportida harakatlanish xavfsizligi buzilishlarining umumiy soni 2021 yilning yanvar oyiga nisbatan sezilarli darajada kamaygani ko‘rish mumkin. Jumladan,  2021 yilning dastlabki oyida 6 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, joriy yil yanvar oyida 2 ta holat kuzatildi.

2022-yilning yanvar oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli temir yo‘llarda poyezdlar harakat xavfsizligi buzilishi holatiga yo‘l qo‘yilmaganligini taʼkidlash lozim. 2021-yilning shu davrida 2 ta holat qayd etilgan.

Sanoat korxonalari shoxobcha yo‘llarida 2022-yilning yanvar oyida temir yo‘l tashishlari xavfsizligi buzilishi bo‘yicha 2 ta holatga yo‘l qo‘yilgan bo‘lib, 2021-yilning shu davriga nisbatan 2 marotaba kamaygan.

Ammo, avtomashina haydovchilari aybi bilan temir yo‘l kesishmalarida yuz berayotgan harakatdagi tarkibning avtotransport vositasi bilan to‘qnashuvlari poyezdlar va avtotransport vositalari harakati xavfsizligiga haqiqiy xavf tug‘dirmoqda.

Yanvar oyida temir yo‘l kesishmalarida haydovchilarning qoidalarga bepisand munosabatda bo‘lishi natijasida 2 bor avtomashina va poyezdlar to‘qnashuvi qayd etilgan.  Shu o‘rinda temir yo‘l atrofida istiqomat qiluvchi aholi vakillari va barcha haydovchilardan temir yo‘l kesishmalaridan o‘tayotganda qoidalarga qatʼiy amal qilishlari lozimligini, aks holda kichik eʼtiborsizlik yakunda fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tamiz.

  

O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati