Inspeksiyaning Orolbo‘yi filiali faoliyati
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining Orolbo‘yi hududiy filiali xodimlari tomonidan joriy yil yanvar oyi davomida reja asosida nazorat va profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Faoliyati temir yo‘l transporti bilan bog‘liq bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish borasida 3 ta tekshiruv amalga oshirildi. Unda jami 56 ta kamchiliklar aniqlandi. Tekshirish natijalari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Temir yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida filial inspektorlari nazorat tadbirlari bilan birgalikda seminar mashg‘ulotlari, profilaktik tadbirlarni ham muntazam ravishda o‘tkazishyapti. Yanvar oyi davomida 67 ta profilaktik tadbirlar o‘tkazildi hamda har bir xo‘jalik bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlari amalga oshirildi. Tadbirlarda qatnashgan 255 nafar temir yo‘l sohasi xodimlari o‘z bilim va malakalarini mustahkamlab olishdi. Shuningdek, qonunchilik hujjatlari, ulardagi qo‘shimcha va o‘zgarishlar borasida xabardor bo‘lishdi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati