Fevral oyida qaysi obyektlarda nazorat tadbirlari o‘tkaziladi?
«O‘ztemiryo‘lnazorat» inspeksiyasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda temir yo‘l transporti sohasida faoliyat yurituvchi boshqa tashkilotlar tomonidan temir yo‘l transporti sohasidagi harakat xavfsizligini taʼminlashga oid belgilangan qoida va normalarga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi. Inspeksiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tadbirkorlik subyektlarida nazorat tadbirlari o‘tkaziladi.
Inspeksiyaning markaziy apparati va filiallari xodimlari joriy oy davomida temir yo‘llarda yuk tashishni tashkillashtirish, texnik vositalardan foydalanish, taʼmirlash va ularni ishchi holatda saqlash yuzasidan 20 ta tashkilotda nazorat tadbirlarini olib borishadi. Markaziy apparat xodimlari “O‘zvagontaʼmir” aksiyadorlik jamiyatini tekshirishsa, filiallar o‘z hududlaridagi korxonalarda nazorat tadbirlarini o‘tkazishadi.
Tekshirishlar yakuniga ko‘ra harakat xavfsizligiga xavf soluvchi kamchiliklar aniqlanganda kamchiliklarni bartaraf etilish maqsadida bajarilishi majburiy bo‘lgan tegishli ko‘rsatma kiritiladi.
Shuningdek, temir yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash, ehtimoliy xavflarni oldini olish va temir yo‘l xodimlarini bilimlarini mustahkamlash maqsadida profilaktik tadbirlar ham davom ettiriladi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati