Lotin alifbosiga qachon o‘tiladi?

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab Davlat organlari va boshqa tashkilotlarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritishga to‘liq o‘tishini taʼminlash belgilangan. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Markaziy apparat va filial xodimlari reja asosida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida tashkil etilgan kurslarda qatnashib, bilimlarini mustahkamlashmoqda. Shuningdek, seminarlar, davra suhbatlari orqali o‘zlashtirilgan bilim va malakalar muntazam boyitib borilyapti. Bunda nazariy bilimlarni amaliyotda to‘g‘ri qo‘llashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ko‘zda tutilgan muhim jihatlarni o‘zida qamrab olgan taqdimot ko‘rinishidagi metodik qo‘llanma O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqildi. Davlat tilida ish yuritish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi imlo qoidalarini vazirlik markaziy apparati va tizim tashkilotlari xodimlari eʼtiboriga yetkazish maqsadida onlayn seminar tashkil etildi. Unda mazkur qo‘llanma mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi. Tutuq belgisi qo‘llanishi, kiril va lotin yozuvidagi ayrim so‘zlarning yozilish o‘rtasidagi farqli jihatlar, tinish belgilari, “s” harfi mavjud so‘zlarni to‘g‘ri yozish qoidalari kabi ko‘plab holatlar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati