Yil sarhisobi qilindi

 

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan temir yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash hamda ehtimoliy xavflarni oldini olish maqsadida 2021 yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Inspeksiya boshlig‘i huzurida o‘tgan majlisda markaziy apparat bo‘lim hamda barcha filial boshliqlari hisoboti tinglandi.

Dastlab, inspeksiya Bosh yuriskonsulti so‘zga chiqib, filiallarni o‘rganish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhlar taqdim etgan maʼlumotlarni o‘qib eshittirdi. Ijro intizomi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qildi. Ijro intizomi holati ijobiy baholanib, murojaatlar bilan ishlash yuzasidan qonunchilikda belgilangan talablar yuzasidan tavsiyalar berdi. Shuningdek, joriy yil jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarni yana-da kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.

Inspeksiyada joriy yildan boshlab bosqichma-bosqich lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritishga to‘liq o‘tish, bu boradagi ishlarni jadallashtirish jumladan, xodimlarni malakasini oshirish dolzarb vazifalardan biri sifatida belgilandi. Xodimlarni tizimli ravishda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida o‘qitish yuzasidan tegishli bo‘lim boshliqlariga topshiriqlar berildi.

Inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish maqsadida Koplayens-nazorat tizimi joriy etilgani va bu boradagi ishlarni yana-da takomillashtirish yuzasidan inspeksiya rahbariyati tomonidan masʼullarga vazifa yuklandi.

Barcha filial boshliqlarining hisobotlari yakunida qayd etilgan kamchiliklarni zudlik bartaraf etish va kelajakda takrorlamaslik yuzasidan qatʼiy talablar belgilandi. Har bir xodimning faoliyatiga dastlabki chorak yakunida baho berilishi taʼkidlandi. O‘z ustida yetarli darajada ishlamagan, kamchiliklarga takroran yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo choralari qo‘llanishi haqida ogohlantirildi.

O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati