Idoralararo komissiyaning sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Idoralararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi muqaddam qabul qilingan qarorlarining tanqidiy muhokamasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri tomonidan tasdiqlangan yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini taʼminlash, hududlarni obodonlashtirish, shaharsozlik talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasida belgilangan topshiriqlarning ijrosiga bag‘ishlandi.
“Afrosiyob” elektropoyezdi mashinistlari tomonidan Mashinistlarni kamchiliklarni qayd etish kitobida ko‘rsatilgan kamchiliklarni o‘z vaqtida sifatli bartaraf etish yuzasidan dekabr oyi davomida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinganda, bir qator kamchiliklar mavjudligi maʼlum bo‘ldi.
Jumladan, Yuqori tezlikda harakatlanish temir yo‘l uchastkasi ikki tarafi sim va panjara to‘siqlar bilan o‘ralgan bo‘lsada, hanuzgacha temir yo‘l hududiga chorva mollari kirayotganligi aniqlangan. 2021 yil 10 dekabr kuni Rahimov stansiyasiga kirishda bir bosh chorva qo‘y urib ketilgan.
Xuddi shunday, 2021- yil 3 - dekabr kuni Ziyovuddin-Navoiy peregoni 3864 km pk 6 da, 4 dekabr kuni Yangiyo‘l stansiyasida, 6 dekabr kuni Sirdaryo-Baxt peregoni 3461 km. pk 5da yo‘lovchi peregonida begona shaxslarni yurganligi maʼlum bo‘lgan.
1 - dekabr kuni Olmazor-Chinoz peregoni 3428 km pk 9-10da temir yo‘l izlariga begona shaxslar tomonidan tosh qo‘yish holatlari kuzatilgan.
Sayyor yig‘ilish davomida kun tartibidagi barcha masalalar, shu bilan birga aniqlangan kamchiliklar yuzasidan vazirlik, hokimliklar va tashkilotlar vakillarining fikr va mulohazalari tinglandi.
Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahar hokimliklariga O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda har bir viloyatlar (tuman, shahar) kesimida yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalari bo‘ylab daraxt ko‘chatlarini ekish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilash tavsiya etildi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga Yo‘l o‘lchagich va kontakt tarmog‘i parametrlarini o‘lchovchi laboratoriya vagonlari hamda “Afrosiyob” elektropoyezdlari harakati davomida mashinistlar tomonidan qayd etilayotgan kamchiliklarni sifatli bartaraf etishni taʼminlash vazifasi belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasiga Yuqori tezlikda harakatlanish temir yo‘l uchastkalarida joylashgan temir yo‘l kesishmalarida o‘tish qoidalarini buzayotgan haydovchilarga nisbatan qatʼiy choralar ko‘rish, qoidabuzarliklar ko‘p marotaba sodir etilayotgan joylarda reydlarni o‘tkazish lozimligi taʼkidlandi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmat