Bugun AOKAda brifing bo‘lib o‘tdi

Bugun AOKAda “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Axborot xizmati boshlig‘i Firdavs Xayriddinov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda inspeksiya tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari haqida axborot berildi.

  Temir yo‘l transporti hamda metropolitenda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq hodisalarni tasniflash, xizmat tekshiruvini olib borish va hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi ishlab chiqilgan nizom loyihasi.

 “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida chora-tadbirlar ishlab chiqish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish funksiyalarini bajarish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari tomonidan temir yo‘l transporti sohasidagi harakat xavfsizligini taʼminlashga oid belgilangan qoida va normalarga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish bilan birgalikda temir yo‘llarda xavfsizlikni taʼminlash bilan bog‘liq bo‘lgan normativ hujjatlar loyihasini ishlab chiqadi.

Mazkur loyiha “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, loyihaning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi hududida temir yo‘l transporti hamda metropolitenda sodir bo‘lgan harakat xavfsizligi buzilishi holatlarini tasniflanish, hisobga olish hamda xizmat tekshiruvini olib borishning yagona tartibini belgilashdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 1 fevraldagi PF-5647-son Farmoniga muvofiq transport sohasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish Transport vazirligining asosiy vazifalari etib belgilanganligini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 apreldagi 337-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq inspeksiya normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish vakolatiga ega emasligini inobatga olgan holda loyiha O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirining “Temir yo‘l transporti hamda metropolitenda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq hodisalarni tasniflash, xizmat tekshiruvini olib borish va hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i ko‘rinishida ishlab chiqildi.

Loyiha temir yo‘l transporti va metropolitenda tashishlar xavfsizligi qoidalarining buzilishida ularni tasniflash, xizmat tekshiruvini olib borish va hisobga olish tartibini belgilovchi asosiy hujjat hisoblanib, mazkur hujjatda belgilangan normalar boshqa turdagi normativ hujjatlar bilan tartibga solinmagan.

Hujjat loyihasini tayyorlashda “1520 yagona izlar oralig‘i” yagona temir yo‘l makonidagi Milliy va MDHga aʼzo davlatlarning tajribasi o‘rganildi va qo‘llanildi.

Nizom loyihasi Umumiy qoidalar, Harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq hodisalarni tasniflash, Metropolitenda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq hodisalarni tasniflash, Xizmat tekshiruvini olib borish, Harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq hodisalarni xizmat tekshiruvida o‘zaro hamkorlik qilish, Xizmat tekshiruvi natijalarini rasmiylashtirish, Harakat va tashishlar xavfsizligi buzilishlarini hisobga olish hamda Yakuniy qoidalar kabi 8 ta bobni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Transport vazirligining “Temir yo‘l transporti xodimlarining reys oldi va smena oldi tibbiy ko‘rigini tashkil etish va o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” davlat tilida (yangi tahrirda)gi qarori loyihasi.

Ushbu loyiha “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 martdagi 12/1-2993-sonli topshirig‘i bilan tasdiqlangan Faqat rus tilida qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni yangi tahrirda (davlat tilida) qabul qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ijrosini taʼminlash maqsadida “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 16 – moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan.

Loyiha bilan Lokomotiv brigadalari xodimlarining reys oldi tibbiy ko‘rigini tashkil etish va o‘tkazish qoidalarini amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish hamda temir yo‘l transporti xodimlari reys va smena oldi tibbiy ko‘rigining maqsadi, vazifalari va o‘tkazish tartibini belgilash ko‘zda tutilgan.

Loyihaning maqsadi – temir yo‘l transporti xavfsizligini taʼminlashda “inson omili”ning salbiy taʼsirini kamaytirishdan iborat.

Temir yo‘l transporti xodimlarining jismoniy, psixoemotsional va zarur hollarda psixologik holatini kompleks baholash orqali ularda mehnatga layoqatsizlik yoki mehnat layoqatining pastligi, psixotravmatik vaziyatlar va mehnat layoqatini susaytiruvchi boshqa omillar, alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar isteʼmol qilganlik alomatlarining mavjudligi aniqlanganda ushbu xodimlarni reys (smena)ga qo‘yilishining oldini olish loyihaning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Loyihada tibbiy ko‘rikka oid umumiy qoidalar, atamalar va taʼriflar keltirilgan, shuningdek, tibbiy ko‘rik ishtirokchilarining majburiyatlari,

javobgarligi, tibbiy ko‘rikni o‘tkazuvchi tibbiyot xodimlarining vazifalari hamda Tibbiy ko‘rikni o‘tkazish va rasmiylashtirish tartibi belgilangan.

Bundan tashqari, loyiha bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tishi majburiy bo‘lgan poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash, manyovr ishlari va temir yo‘l tashishlari bilan bilan bog‘liq bo‘lgan temir yo‘l transporti sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlar ro‘yxatini tasdiqlovchi vakolatli organlar ham belgilanmoqda.

Loyiha temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini taʼminlashda muhim o‘rin tutib, reys (smena)ga chiqishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishning yagona tartibini belgilaydi hamda o‘zining sohasidagi yagona hujjat hisoblanadi, yaʼni, mazkur hujjatda belgilangan normalar boshqa turdagi normativ huquqiy-hujjatlar yoki idoraviy hujjatlar bilan tartibga solinmagan.

Har ikki loyiha O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari regulation.gov.uz portalida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilgan.

Loyihalar tegishli manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilganidan so‘ng belgilangan tartibda huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga kiritiladi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati