Orolbo‘yi filialida o‘quv seminari tashkil etildi
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan hududiy filiallarida seminarlar davom etmoqda. Tadbirlarda “Transport to‘g‘risida”gi qonun va sohaga doir normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati batafsil tushuntirilyapti. Navbatdagi seminarda Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli rahbarlari, xodimlari hamda shaxobcha temir yo‘liga ega tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etishdi.
Dastlab 2021 yil 9 avgustda qabul qilingan “Transport to‘g‘risida”gi qonun bo‘yicha yig‘ilganlarga maʼlumot berildi. Qonunga ko‘ra, avtomobil, havo, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va transport infratuzilmasi obyektlari O‘zbekistonning yagona transport tizimini tashkil etadi.
Davlat organlari va mansabdor shaxslar transport tashkilotlarining xo‘jalik faoliyatiga aralashishga hamda ular xodimlarini boshqa ishlarga jalb etishga haqli emas. Transport vazirligi sohada maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi. Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan transportlarni O‘zbekistonga olib kirish, ishlab chiqarish, sotish yoki ulardan foydalanish taqiqlanadi.
Vakolatli organlar vokzalda, aerovokzalda, aeroportda, metropolitenda va avtostansiyaga kirish joyida transport vositasini, bagajni, yuk bagajini va yukni, yo‘lovchilarni va boshqa shaxslarni ko‘zdan kechirishdan o‘tkazishi mumkin.
Transport tashkilotlari va tashuvchilar faoliyati transport harakatlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan hamda mehnat sharoitlari o‘ta zararli va o‘ta og‘ir sharoitlarda band bo‘lgan xodimlarning dastlabki hamda davriy tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilishini tashkil etishi shart.
Shuningdek, temir yo‘l va temir yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi normativ hujjatlar va ularning amaliyotda qo‘llanishi tushuntirildi. Inspeksiya tomonidan ishlab chiqilgan idoraviy hujjatlar va ularda ko‘zda tutilgan yangiliklar bo‘yicha ham axborot berildi. Navbatdagi o‘quv seminari Buxoro viloyatida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati