“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining Farg‘ona filiali boshlig‘i M.Yusupov boshchiligida inspektorlar A.Islamov hamda A.Yunusov ishtirokida “FARG‘ONAAGROKIMYOHIMOYA” aksiyadorlik jamiyatida temir yo‘llarda yuk tashishni tashkillashtirish, texnik vositalardan foydalanish, taʼmirlash va ularni ishchi holatda saqlash yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi.
18-21 may kunlari o‘tkazilgan tekshiruvlarda jami 120 ta kamchilik aniqlangan bo‘lib, ularning 41 tasi harakat xavfsizligiga xavf soluvchi kamchiliklar tashkil etadi. Jumladan, Beshariq tumanlararo filiali Ropqon stansiyasi hududidagi 117-sonli strelkali o‘tkazgichning krestovina ostida yog‘och bruslar ketma-ket 5 donasi ishga yaroqsiz holatga kelganligi sababli strelkali manyovr ishlari uchun yopildi. Mazkur holatda O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘llarida texnikaviy foydalanish qoidalarining 17-bandi talablari buzilganligi aniqlangan. Shuningdek, Quva filialida 1-sonli tormoz boshmog‘i yuzasining uchi singanligi va qiyshayib ketganligi sababli foydalanishdan to‘xtatildi. Ushbu holatda “Texnik foydalanishda temir yo‘l transporti xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglamentning 23-bandi talablari hamda O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘llarida poyezdlar harakati va manyovr ishlari yo‘riqnomasining 348-bandi talablari buzilgan.
Yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida inspeksiya tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan tegishli ko‘rsatma kiritildi va amaldagi qonunchilikka asosan muddatlar belgilandi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati